Qirg‘izistonda parlament saylovlari kuzda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi

Qirg‘izistonda parlament saylovlari kuzda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi

Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston davlati rahbari Sadir Japarov ma’lum qildi, deb yozmoqda «TASS».

«Tez orada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Referendum o‘tkazish rejasi tuzilgan va biz saylovlarni halol o‘tkazamiz. Parlament saylovlari kuzda bo‘lib o‘tadi», — dedi davlat rahbari.

Amaldagi deputatlik korpusining vakolat muddati o‘tgan yilning oktyabr oyida tugagan edi. Biroq parlament saylovlaridan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlari ularning natijalarini bekor qilishga hamda sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekov va hukumatning iste’fosiga olib keldi. Natijada avvalgi chaqiriq deputatlari o‘zlarining rasmiy vazifalarini bajarishda davom etdi.

Jo‘qorg‘i Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti)ga qayta saylovlar 2020 yil 20 dekabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Ammo deputatlar yangi qonun loyihasini qabul qilgan bo‘lib, unga ko‘ra mamlakatda dastlab konstitusiyaviy islohotlar amalga oshirilishi kerak. Qonun loyihasida saylovlarning keyinga qoldirilishi mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat, byudjetning daromad qismi pasayishi va epidemiologik vaziyat bilan izohlangan. Parlament saylovlarini o‘tkazishning yangi sanasi «2021 yil 1 iyundan kechiktirmay» belgilanishini ma’lum qilgan. Bu qarorni parlamentning 120 nafar deputatidan 83 nafari qo‘llab quvvatlagan.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi haqida xabar berilgandi. Tashrif qachon bo‘lib o‘tishiga aniqlik kiritilmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!