Qirg‘iz-tojik chegarasida otishma: qirg‘izistonlik harbiy halok bo‘ldi

Qirg‘iz-tojik chegarasida otishma: qirg‘izistonlik harbiy halok bo‘ldi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berdi, deb yozadi «Interfaks» Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ)ga tayanib.

Hodisa 8 iyul kuni 17:00 (Toshkent vaqti bilan 16:00)da sodir bo‘lgan. Qirg‘iziston Chegara xizmatining otliq qismi Botken viloyati Laylak tumanidagi Naumin dovoni hududida qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘ylab xizmat o‘tayotgan bo‘lgan.

Chashmagildan dovoni hududida qirg‘iz chegarachilariga to‘satdan Tojikiston chegarachilari hujum qilgan va o‘rtada otishma yuzaga kelgan.

Voqea joyiga hodisa sabablari va holatlarini aniqlashtirish uchun mas’ul organlar rahbarlari yetib kelgan. Botken viloyati ma’muriyati xabariga ko‘ra, ikki nafar qirg‘izistonlik chegarachi Tojikiston chegarachilari tomonidan asirga olingan.

O‘z navbatida, Tojikiston MXDQ hodisani izohlar ekan, to‘rt nafar qirg‘iz chegarachilari So‘g‘d viloyati Devashtich tumani hududida Tojikiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganini ma’lum qildi. Aralash kiyim kiygan (harbiy va oddiy) va avtomatlar bilan qurollangan Qirg‘iziston harbiylari mahalliy aholining to‘qqizta otini haydab ketishga uringan.

«Qirg‘iz chegarachilari Tojikiston chegara qismi buyrug‘iga itoat qilmasdan o‘t ochdi. Javob o‘ti oqibatida ikki nafar qirg‘izistonlik chegarachi yaralandi. Hodisa joyida ikki mamlakat mas’ul organlari surishtiruv olib bormoqda», — deyiladi MXDQ xabarida.

9 iyul, juma kuni Qirg‘iziston MXDQ Chegara xizmati Tojikiston bilan chegarada yuz bergan otishmada qirg‘iz harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston tomonida ham halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.

Shuningdek, yana kishi otishmada yaralangan, dedi Botken viloyati rahbari o‘rinbosari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!