“QAYTA ISHLASH” BOJXONA REJIMI - KENG IMKONIYATLAR ESHIGI

A A A
“QAYTA ISHLASH” BOJXONA REJIMI - KENG IMKONIYATLAR ESHIGI

Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida, keng ko‘lamli ishlar olib borilib, tadbirkorlarga bir qancha qulaylik va yengilliklar yaratilmoqda.

Mazkur qulaylik va qonunchilik yangiliklarini keng jamoatchilikka yetkazish, tadbirkorlarning bu borada huquqiy bilimlarini oshirish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni tizimli hal qilish maqsadida Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent-tovar” bojxona postida “Qayta ishlash” bojxona rejimi- keng imkoniyatlari eshigi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov va bo‘lim boshliqlari hamda 20 dan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirok etishdi.

Raqamlarga murojjat qilsak, 2022 yilning 7 oyi davomida 112 ta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 281 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan tovarlar “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, 260 mln. AQSh dollariga teng qayta ishlangan tayyor mahsulotlar reeksportga yo‘naltirilgan.

Bu borada O‘zbekistonda ham mavjud salohiyatdan foydalanib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishish mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini qo‘llashni soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-115 son Farmoni hech shubhasiz tadbirkorlik sub’ektlariga juda katta qulaylik va vakolatlar beribgina qolmay, tashqi savdo geografiyasi kengaytirish va eksport hajmini yanada oshirishga zamin yaratadi.

Farmon bilan quyidagi yangiliklar joriy etildi:

➖ endilikda tovarlarni qayta ishlash operasiyalari ro‘yxati qadoqlash, o‘rash, saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizasiya qilish xizmatlari bilan to‘ldirildi;

➖ tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi;

➖ maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlari uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash tartibi qo‘llanilmaydi;

➖ aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha, kontraktlar sonidan qat’i nazar, 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga umumiy ruxsatnoma beriladi. Bunda har bir qayta ishlash operasiyasi (kontrakt) uchun chiqish normasi taqdim etiladi;

➖ tovarlarni qayta ishlovchi vakolatli shaxslar har chorakda Davlat bojxona qo‘mitasining axborot tizimi orqali bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga rioya qilinganligi to‘g‘risida hisobotlarni Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan shaklda taqdim etadilar.

Alohida qayd etish joizki, Farmonda tadbirkorlar uchun yaratilgan bu kabi yengillik va qulayliklar aksariyat mamlakatlarda mavjud emas. Shunday ekan, bu kabi imkoniyatdan unumli foydalana bilish zarur.

Bojxona postida tashkil etilgan uchrashuvning bosh maqsadi ham tadbirkorlarga ushbu qulayliklarni yaqindan yetkazish va bu orqali keng jamoatchilikka tanishtirishni nazarda tutgan edi.

O‘zaro jonli muloqotlarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atrofilacha javoblar olishdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!