Qaysi ma’muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilgan?

Qaysi ma’muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilgan?

25 yanvar sanasida Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan 2022 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida xabar berish maqsadida brifing tashkil qilindi. Unda Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xodjakulov, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov, Toshkent shahar sudi rais o‘rinbosarlari Shuhrat Abbasov, Akbarali Turabov, Maqsudbek Saidov, sudyalar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov Toshkent shahar va tumanlararo ma’muriy sudlari faoliyati yuzasidan axborot axborot berdi. Unga ko‘ra, 2022 yil mobaynida Toshkent shahar ma’muriy sudlariga jami 5146 ariza(shikoyat)lar kelib tushgan. Shundan, 195 tasi ariza (shikoyat) qabul qilish rad etilgan (2021 yili bu ko‘rsatkich 512 tani tashkil etgan), 194 ta (2021 yil 960 ta) ariza va shikoyatlar qaytarilgan, 198 tasi yangi yilga qoldiq bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 4559 tasi ish yurituv qabul qilinib ko‘rib tamomlangan. Yakunlangan ishlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga bog‘liq qismi 2705 ta (2021 y. 2249 ta 20,2% ga oshgan) bo‘lsa, 1854 tasi (2021 y. 1398 ta 32,6% ga oshgan) material tartibda ko‘riladigan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitasiya markaziga joylashtirish bilan bog‘liq ishlar hisoblanadi. Ishlarni ko‘rishning umumiy ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 25% ga o‘sgan.

— Ta’kidlash joizki, Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan ariza (shikoyat)larni qabul qilishni rad qilish holati sal kam 3 baravarga, qaytarish holati esa besh yarim baravarga kamaygan. Ma’muriy sudlargi taalluqli masalalarda fuqarolar ovora bo‘lmasligi uchun arizalarni qaytarish va qabul qilishni rad etish keskin kamaytirilgan. Shuningdek, joriy yildan boshlab material tarzida ko‘riladigan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitasiya markaziga joylashtirish (muddatini uzaytirish) bilan bog‘liq ko‘riladigan ishlar jinoyat sudlariga o‘tkazilganligi sababli ishlarni ko‘rishning sifat darajasi yana ham oshishi kutilmoqda, - deydi sud raisi.

Bevosita ommaviy nizolar ko‘rilishini statistik tahliliga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘rilgan ishlarning 1437 tasi yoki 53,1 foizi qanoatlantirilgan, 821 tasi yoki 30,4 foizi rad etilgan, 325 (12%) tasi ish yuritishdan tugatilgan, 122 tasi yoki jami ko‘rilgan ishlarning 4,5 foizi ko‘rmasdan qoldirilgan. Ommaviy nizolarning ko‘rilishi o‘tgan yilga nisbatan 20,2 foizga ko‘paygan.

Shu bilan birga, birinchi instansiyada ishlarni ko‘rish yakunlari bo‘yicha jami 258 ta qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan ta’sir choralar sifatida xususiy ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, shuning 193 tasi yoki 74,8 foizining ijrosi yuzasidan javob xatlari olingan. Shundan 25 ta holat bo‘yicha mansabdor shaxslarga qonunchilikda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tashkilot rahbarlari tomonidan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Birinchi instansiyada ko‘rib tamomlangan 1854 ta materialning 1781 tasi qanoatlantirilgan 73 tasi rad etilgan bo‘lib, 2021 yilga nisbatan 32,6 foizga o‘sgan.

Ta’kidlanishicha, 2022 yil davomida quyidagi ma’muriy organlar MANSABDOR SHAXSLARining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, bilan bog‘liq ishlar nisbatan ko‘proq ko‘rilgan:

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 583 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 536 tasi qanoatlantirilgan;

Davlat soliq organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 692 ta ko‘rilgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan deyarli 2 baravar ko‘paygan. Shundan, 475 tasi qanoatlantirilgan, 212 tasi rad etilgan. Chiqarilgan sud ta’sir choralarining asosiy qismi, ya’ni 111 tasi, xususiy ajrimlarni 43 foizi soliq idoralari mansabdor shaxslarida aniqlangan qonunbuzilish holatlariga nisbatan chiqarilgan;

Hokimiyat mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 371 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 100 tasi qanoatlantirilgan, 203 tasi rad etilgan (mahalliy hokimliklar bilan bog‘liq ishlar 2021 yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizga kamaygan);

Majburiy ijro byurosi markaziy va hududiy idoralari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ular tomonidan chiqarilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 329 ta (2021 yili 213 ta) ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan
71 tasi qanoatlantirilgan, 155 tasi rad etilgan;

Adliya organlari (intellektual mulk agentligi, notarius, FHDYO, davlat xizmatlari agentligi va b.) mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 113 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 49 tasi qanoatlantirilgan, 43 tasi rad qilingan.

"Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha" MFY sayloviga oid Toshkent shahar ma’muriy sudlarining birinchi instansiyasi tomonidan jami 10 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 6 ta ish bo‘yicha arz qilingan talab rad etilgan, 3 ta ish bo‘yicha ariza talabi qanoatlantirilgan, 1 ta holatda ariza ish yuritishdan tugatilgan.

Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyalari tomonidan 2022 yil mobaynidan jami 4 ta davlat siri bilan bog‘liq ish birinchi instansiyada hamda 731 ta ish apellyasiya instansiyasida ko‘rib tamomlangan.

Apellyasiya instansiyasida ishlarning bekor qilinishi 2021 yilga nisbatan 12,4 foizga kamaygan. Bu ham sud qarorlarining yildan-yilga barqarorlashayotganing bir dalili deyishimiz mumkin.

Apellyasiyada ko‘rilgan ishlar bo‘yicha jami 83 ta ish yakuni yuzasidan qonun hujjatlari buzilish holatlari aniqlanib, sudlov hay’atlari tomonidan xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirilgan. Ularning 51 tasining ijrosi ta’minlangan.

Bundan tashqari, Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya sudlov hay’atlari tomonidan 2022 yilda jami 9 ta ishni ko‘rish natijasida taraflarning xatti-harakatida jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligiga huquqiy baho berilishi uchun prokuratura idoralariga xabarnomalar yuborilgan bo‘lib,
1 ta holatda jinoyat alomatlari mavjudligi hamda MCHJ rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi sudga habar qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!