Qashqadaryoda jazirama issiq sababli og‘ir yuk mashinalari harakati vaqtincha cheklanadi
Qashqadaryoda kuzatilayotgan o‘ta issiq ob-havo sababli og‘ir yuk transport vositalari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi.
Viloyatda havo harorati 42–44°C darajagacha ko‘tarilishi oqibatida asfaltbeton qoplamasi harorati 70–75°C gacha yetib, qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada og‘ir yuk avtomobillari harakati ta’sirida yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformasiya va boshqa texnik nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin.
Yo‘llarning yaroqsiz holga kelishi va turli deformasiyalarga uchrashining oldini olish maqsadida Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi barcha umumiy foydalanishdagi yo‘llarda og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.
