Qashqadaryoda homilador o‘qituvchi kaltaklanganini aytdi (+Video)

Qashqadaryoda homilador o‘qituvchi kaltaklanganini aytdi (+Video)

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Cho‘lquvar qishlog‘idagi 50-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Lobar Ergasheva kaltaklandi. O‘qituvchi «Nasafnews»ga murojaat qilib, ayni paytda ahvoli yomon ekanini, UTT tekshiruvidan o‘tgach, homilasini yo‘qotish xavfi yuqoriligini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 26 aprel kuni sodir bo‘lgan. Kaltaklanganini aytgan o‘qituvchining oyoq va qo‘l bilaklariga tan jarohati yetkazilgan.
Qashqadaryoda homilador o‘qituvchi kaltaklanganini aytdi (+Video)Qashqadaryoda homilador o‘qituvchi kaltaklanganini aytdi (+Video)«2-«b» sinfga ingliz tili fanidan darsim bor edi. Dars boshlangandan so‘ng, 10 daqiqadan keyin orqa partada shovqin boshlandi. Ularga ogohlantirish maqsadida tanbeh berdim. To‘g‘ri o‘tiringlar, dars boshlandi, dedim. Bilsam, orqa partada «nolevoy» sinfidagi bolalar ekan. Shu maktabda dars beradigan pedagog ayol ham «nolevoy»ga o‘qiydigan farzandini shu sinfga tiqib qo‘ygan ekan. Bola juda erka va shovqin ko‘targani uchun unga tanbeh berdim. Dars tugadi. 5-soat boshlangandan keyin 1- «a» sinfga darsga kirdim, ingliz tili fanidan. Haligi bolakayning onasi yonimga keldi. «Nima uchun farzandimga urishasan, urding, 2 shapaloq urding» deb to‘xmat qildi. Shundan keyin bu ayol birinchi sinflarning oldida meni ura ketdi. Men agar biror ayb ish qilgan bo‘lsam, uzr so‘rayman dedim. Ammo u menga quloq solmadi»,- deydi u.

Lobar Ergashevaning ta’kidlashicha, janjal direktorning xonasida ham davom etgan.

«Dars paytida direktor meni chaqirtirdi. Borganimda, o‘sha o‘qituvchimizning onalari kelgan ekan. Katta yoshli onaxon. U kishi menga:- «San nimaga nevaramni urasan, man sani yo‘q qilaman, bo‘shattiraman, deb tahdid qila ketdi». Tashqariga  chiqqanimizdan keyin esa darsga ketayotgandim, «sen to‘xta-da» dedida, yuzimga shapaloq tortib yubordi. Keyin ikkinchi qavatdan opasi yugurib chiqdida, u ham urib, kaltaklab ketdi. Kutilmagan zarbadan o‘zimni himoya qilolmay qoldim»,- deydi jabrlangan o‘qituvchi.

«Nasafnews» muxbiri holat yuzasidan 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Olim Nurillayevdan izoh oldi.U ingliz tili o‘qituvchisining o‘zi bolani urganini aytib, voqeani «arzimagan tortishuv» deb baholadi.

«Ingliz tili darsini o‘tayotgan bo‘lgan. Darsga xalaqit bergan «nolevoy»lardan 2 tasini ikki shapaloq urgan. Ulardan biri borib onasiga voqeani aytgan. Onasi bolaning momosi bilan oldimga kelib, «Nevaramni uribdi, mana beti qizarib ketgan» dedi. Men momoga o‘zingizni qizingiz ham o‘qituvchi-ku, dedim. Ertaga qizingizni biror kishi urishi mumkin, bilmay urgandir, hech narsa qilmaydi dedim»- , deydi direktor.

Direktorning aytishicha, uning xonasidan chiqqan bolaning buvisi va onasi zalda ingliz tili fani o‘qituvchisi bilan tortishib qolgan. Holat kuzatuv kamerasiga tushgan.

«Keyin kameradan ko‘ryapmiz. O‘sha bolani buvisi o‘qituvchiga 2 marta qo‘l ko‘targan. Opasini o‘rganda qo‘li tekkan yoki tegmagani ko‘rinmagan kamerada. Keyin ayollar borib ajratib olgan ularni. O‘sha kuni «uchastkovoy»ni chaqirtirdik, keldi. Kechirim so‘radi. O‘qituvchidan kechirim so‘ragandan keyin, ha bo‘ldi, deb «delo» yopilgan», – deb qo‘shimcha qiladi maktab direktori Olim Nurillayev.

Lobar Ergashevaning o‘zi bilan birga ishlaydigan turmush o‘rtog‘i ham holatga o‘z fikrini bildirib, xotini 6 yoshli bolani urmaganini ta’kidladi.
Qashqadaryoda homilador o‘qituvchi kaltaklanganini aytdi (+Video)«Oddiy bir dakkini katta vahima qilib, boshqa sinfga dars o‘tayotgan vaqtida sinfidan chaqirib olib, «meni bolamni nimaga urding» deb to‘xmat qilgan. Biz Yakkabog‘dan shu yerdagi bolalarni uraman, deb boryapmizmi? 6 yoshli bolani kim, qanday qilib ura oladi?» ,- deydi To‘ychi G‘ayirov.

«Cho‘lquvar» mahalla profilaktika inspektori Shavkat Bozorov mazkur voqeadan xabardor ekanini ma’lum qilib, hozirda surishtiruv ishlarini olib borayotganini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!