Qashqadaryoda alimentdan salkam 30 mln so‘m qarzi bo‘lgan ota 12 sutkaga qamaldi

Qashqadaryoda alimentdan salkam 30 mln so‘m qarzi bo‘lgan ota 12 sutkaga qamaldi

 

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi, alimentdan 29 million 735 ming so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgan ota 12 sutkaga qamaldi. Bu haqda «Daryo»ga MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Gulnoza Dilmurodova xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, shaharning «Uymovut» mahallasida yashovchi S.M. fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2016 yil 23 iyundagi qaroriga asosan ikki nafar farzandi uchun aliment to‘lab borishga mas’ul etib belgilangan. Biroq ota aliment to‘lashdan bosh tortib yurgani sabab ayni kunga qadar otaning mavjud qarzdorligi 29 million 735 ming so‘mga yetgan. Bu pulni to‘lashdan yana bosh tortgan oila boshiga sudda 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, «Bo‘ston» mahallasida yashovchi qarzdor A.Z.ga ham bir nafar farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lashi yuklatilgan. Bundan bo‘yin tovlab yurgan otaning qarzi yig‘ilib, 14 million 658 ming so‘mni tashkil etgan.

«Shu kuni alimentdan bo‘yin tovlab yurgan jami 7 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, qamoq jazosi tayinlandi», — deydi Gulnoza Dilmurodova.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!