Qashqadaryo hokimi o‘rinbosari: «Ikki qiz yig‘layotgan ekan, sababini so‘rasam biz olib bergan hot-dogni faqat turk seriallarida ko‘rganini, umrida yemaganini aytdi»

Qashqadaryo hokimi o‘rinbosari: «Ikki qiz yig‘layotgan ekan, sababini so‘rasam biz olib bergan hot-dogni faqat turk seriallarida ko‘rganini, umrida yemaganini aytdi»

Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev hududda o‘tkazilgan Yoshlar festivalining ahamiyati haqida gapirib, viloyatda umrida Qarshi shahriga kelmagan va tez tayyor bo‘ladigan taomlarni yemagan yoshlar borligini aytdi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shohjahon Omonov ishtirokidagi matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalist va blogerlar savollariga javob bergan.

Hokim o‘rinbosari viloyatda 2020 yil 25—26 dekabr kunlari o‘tkazilgan yoshlar festivali ahamiyati haqida gapirib, Muborak, Mirishkor, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlaridan kelgan yoshlar orasida o‘smirlik yoshiga kirgunga qadar viloyat markazi Qarshi shahriga biror marta ham kelmagan, umrida tez tayyor bo‘luvchi taom — hot-dogni yeb ko‘rmagan yoshlar borligini aytdi.

«Biz yoshlarni eng chekka tumanlardan olib keldik va Qarshi shahridagi mehmonxonalarga joylashtirdik. Dehqonobod, Muborak, Mirishkor va Shahrisabzdan kelgan yoshlar orasida hali Qarshi shahrini umuman ko‘rmagan, mehmonxona xizmatini bilmaydigan yoshlar ham bor ekan. Festivalda yoshlarni noodatiy taom bilan mehmon qilishni maqsad qildik va ularni osh bermay, tezpishar hot-dog va kola bilan mehmon qildik. Madaniyat saroyida kinoga kirayotgan paytimda ikki nafar qiz ko‘zida yosh bilan turgan ekan. Nimaga yig‘layotganini deb so‘raganimda, «Men mana shu ovqatni yeb xursand bo‘ldim, bu ovqatni umrimda birinchi marotaba ko‘ryapman, faqat turk seriallarida yeyilganini ko‘rgandim. Men judayam xursandman. Hayotimda juda katta o‘zgarish bo‘ldi, hali shaharga kelganim ham yo‘q edi dedi», — deydi Rustam Yo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Otabek Artiqov mazkur festival xarajatlari qanchaligi bilan qiziqib, yoshlar tushlik qilgan oshxona xarajatlari kech to‘langanini aytgani haqida xabar qilingandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!