Qarshilik qiz otasi bilan birga firibgarlikka qo‘l urdi

Qarshilik qiz otasi bilan birga firibgarlikka qo‘l urdi

Ishonch tuyg‘usi kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi. O‘zaro ishonch asosida paydo bo‘lgan do‘stlik va hamkorlik rishtalari qanchalik mustahkam bo‘lsa, bunday munosabatlar shunchalik bezavol va bardavom bo‘ladi.

Biroq hayotda shunday kimsalar ham uchraydiki, ular o‘zlarining chirkin muddaosiga yetish uchun hech narsadan tap tortmaydi. Hatto ishonchdek insoniy pokiza tuyg‘uni ham niqob qilib olishdan qaytmaydi.

Ana shunday kimsalarning kirdikorlari xususida hayo­tiy misollar asosida fikr yuritamiz.

Gap shundaki, endigina yigirma bir yoshni qarshilagan sudlanuvchi Shahnoza Sharopova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) otasi Zarif Sharopov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jinoyatga qo‘l urgan. Sudlanuvchi Z. Sharopov ayni paytda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilgan.

Ota-bola 2017 yil aprel oyida Qarshi shahridagi «Neftchi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida «Yagona oltin toj» mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan. Ota ushbu jamiyatga ish yurituvchi qilib tayinlangan bo‘lsa, qizning o‘zi esa, jamiyat boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan.

Ikkovlon avvalboshdanoq xizmat vazifalarini suiiste’mol qilish yo‘lidan borgan. Ya’ni hujjatlarni qalbakilashtirib, o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, fuqarolarga go‘yoki O‘zbekiston va xorijda ishlab chiqarilgan xohlagan rusumdagi avtomashinalarni lizing-kredit asosida sotib olish va sotish bilan shug‘ullanishini targ‘ib qilgan.

Shuningdek, «Yigit va qizlarni ham­da erkak va ayollarni tanishtiramiz» shaklidagi e’lonlarni tayyorlab, Qarshi shahri va boshqa tumanlardagi bozor hamda odamlar gavjum joylarda ilib qo‘yishgan. Ular shu tarzda o‘z jinoiy faoliyatini boshlab yuborishgan.

Dastlab ularning firib «tuzog‘i»ga Qarshi shahrida yashovchi Zafar Eshnazarov tushdi. E’lonni o‘qib, ja­miyat­ idorasiga kelgan Zafarning «Neksiya-3» avtomashinasi sotib olish istagi borligini eshitib, Shahnoza gapni uzoqdan boshladi:

— Jamiyatimiz anchadan buyon markazdagi «FINANS AVTO» MCHJ bilan hamkorlik qiladi. Shu sohadagi boshqa mas’ul idoralarga nisbatan imkoniyatlari ko‘p. Agar istasangiz, O‘z­bekiston va xorijda ishlab chiqarilgan xohlagan turdagi avtomashinani ushbu korxona or­qali olib berishimiz mumkin.

Bu «taklif»ni eshitgan Za­far o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi va avtomashina sotib olishga rozi ekanini bildirdi.

Qarangki, Shahnoza Z. Eshnazarovning ishonchiga kirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 martdagi «Avtotransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxslarga ijaraga berishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga mutlaqo zid ravishda yo‘l tutdi.

Ya’ni agar Zafar «Neksiya-3» avtomashinasining 64 million 552 ming 956 so‘m bo‘lgan narxidan 35 foizini, demakki, 19 million 365 ming 886 so‘mini naqd to‘lasa, bir oyda MCHJ hisobidan qarzga avtomashina olib berishi mumkinligini aytdi.

Shahnoza hatto Zafar avtomashinani ishonchnoma orqali boshqarishi mumkinligini ham bildirdi. Qolgan pulini bo‘lib to‘lasa ham bo‘lishini, shundan so‘ng avtomashinani uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytdi.

Shu tariqa 2017 yil 7 iyunda «FINANS AVTO» MCHJ nomidan rasmiylashtirilgan qalbaki 29-sonli «Ijaraga sotib olish haqida»gi ikki tomonlama shartnoma hujjatlashtirildi. Shahnoza firibgarlik yo‘li bilan Zafarning 57 million 400 ming so‘m pulini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojiga sarflab yubordi.

Otaning «himoya»sida ustomonlik bilan firibgarlik va tovlamachilikning rosa «hadis»ini olgan Shahnoza xuddi shu kabi qing‘ir va aldov yo‘li bilan:

Komil Xudoyorovdan — narxi 44 million so‘mlik «Matiz» avtomashinasi uchun 13 million 900 ming so‘m;

Salom Sheraliyevdan — narxi 58 million so‘mlik «Neksiya-2» avtomashinasi uchun 9 million 700 ming so‘m;

Rustam Vafoyevdan narxi 51 million 79 ming 966 so‘mlik «Damas» avtomashinasi uchun 12 million 295 ming 993 so‘m;

Baxtiyor Ashurovdan — 42 million 566 ming 640 so‘mlik «Matiz» avtomashinasi uchun 9 million 445 ming so‘m;

Sharofat Hasanovadan narxi 51 million so‘m bo‘lgan «Damas» avtomashinasi uchun 12 million 295 ming 993 so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Turli nayranglar bilan o‘z­galar­ning mablag‘lari o‘zlashtirilgan holatlarga do­ir ushbu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Maqolamiz boshida SH. Sharopovning aholi gavjum joylarga «Yigit-qizlarni ham­da erkak-ayollarni tanishtiramiz» shaklidagi e’lonlar ilib chiqqani haqida aytgan edik.

Shahnoza bu e’lonni o‘qib, oldiga kelgan Zulfiya Rajabovani aldab-avrab, turli hiyla-nayranglar bilan uning 200 ming so‘mi, shuningdek, Rahim Bobojonovning 800 ming so‘m, Murod Berdiyevning 1 million 80 ming so‘m pulini xamirdan qil sug‘urgandek qo‘lga kiritgan.

SH. Sharopovaning aldovlariga uchgan odamlar «tanishuv» ilinjida oylab ovorayu sarson bo‘lishdi.

Ammo xalqimiz ko‘za kunda emas, kunida si­nadi, deb bejizga aytmagan. Bu firibgar qizning aldovlariga «chuv» tushgan jabrlanuvchilar kech bo‘lsa-da, o‘z xatolarini anglab yetishdi.

Axiyri, hu­quqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishdi.

Keyinchalik vakolatli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv va surishtiruvlar asnosida SH. Sharopovaning barcha noqonuniy xatti-harakatlari fosh etildi. Binobarin, bu hayotda har qanday jinoiy qilmish jazosiz qolmaydi.

SH. Sharopovaning kirdikorlariga ham sud hay’ati tomonidan xolis va adolatli baho berildi. U Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, jazo muddatini o‘taydigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, jabrlanuvchilarga yetkazilgan jami 263 million 592 ming 976 so‘m moddiy zarar sudlanuvchi hisobidan undirilishi sud hukmida alohida qayd etildi.

Bir qarashda, jinoyatchi qil­mishiga yarasha jazo olgan, hammasi adolatli yakun topgandek tuyuladi. Aslida ham shunday. Biroq yuqorida bayon etilgan holatlar haqida fikr yuritganda, ko‘ngildan ba’zi mulohazalar kechadi.

Xo‘sh, jabrlanuvchilar nega firibgar kimsaning tuzog‘iga har gal osongina tushib qo­laverishdi?

Afsuski, jabrlanuvchilar belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmagan. Bu bilan SH. Sharopovaning jinoiy maqsadini amalga oshirishiga yo‘l ochib berganlar.

SH. Sharopovaning «Yigit-qizlar hamda erkak-ayollarni tanishtiramiz» qa­bilidagi g‘ayriqonuniy ishlari ham aldov va firibgarlikdan boshqa narsa emas.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalarni «chuv» tushirish evaziga mo‘may daromad ortirishga urinadiganlar oxir-oqibat qonun oldida javob berishi muqarrar.

Bundan ham yomoni shundaki, bu kabi noxush qilmishlar kishini yuzshuvut qilib qo‘yishi tayin.

Shunday ekan, halol mehnat qilish, vijdon amriga quloq tutib yashash umrning asl mazmuni ekanini aslo unutmaslik kerak.

Farrux Niyozov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Qashqadaryo viloyati

sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!