Qarshi tumanlararo hakamlik sudi raisi 3 500 dollar pora bilan qo‘lga olindi

Qarshi tumanlararo hakamlik sudi raisi 3 500 dollar pora bilan qo‘lga olindi

Qashqadaryoda Qarshi tumanlararo hakamlik sudi raisi Olim Qulmurodov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Sayfiyev xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, qarshilik tadbikor “Tantana Oybek servis” MCHJ rahbari Munisa Tolipova "Xalq banki" Qarshi shahar filialidan 500 million so‘m kredit olgan. Bu pullarga tadbirkor o‘zining to‘yxonasining ikkinchi qavatida maishiy xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etmoqchi bo‘lgan. Shu maqsadda u kerakli jihozlarni olish uchun MCHJga kreditga olgan barcha pullarni o‘tkazib bergan. Lekin MCHJ aytgan va’dasida turmagan va mahsulotlarni yetkazib bermagan. Shundan so‘ng Munisaning turmush o‘rtog‘i Shukur Suyarov ushbu holat yuzasidan Qarshi tumanlararo hakamlik sudi raisi Olim Qulmurodovga murojaat qilgan. Olim esa ishni ularning foydasiga hal qilib berish uchun 5000 dollar talab qilgan. Shukur esa o‘zaro "savdolashib" Olimni 3500 dollarga ko‘ndirgan. O‘z navbatida Olim 500 million so‘mni 730 million so‘m qilib undirib berishni va’da qilgan.

Shu tariqa O.Qulmurodov va’da qilingan pullarni M.Tolipovadan uning to‘yxonasida olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan ushlangan.

Qarshi shahar sudi hukmiga ko‘ra O.Qulmurodov 1 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huqu­qidan mahrum bo‘ldi va 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

E’tiborli jihati, O.Qulmurodovga nisbatan ilgari ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, lekin u amnistiya tufayli tugatilgan bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!