Qabul jarayonlariga oz qoldi. Yana eski xatoni takrorlaymizmi?

Qabul jarayonlariga oz qoldi. Yana eski xatoni takrorlaymizmi?

15 kundan keyin butun respublika bo‘ylab OTMlarga qabul jarayonlari boshlanishi kerak.

Ammo shunday bo‘lsa-da, joriy yildagi qabul jarayonlari bo‘yicha deyarli hech narsa aniq emas. Na qabul kvotalari tasdiqlandi, na imtihon tartiblari ma’lum bo‘ldi. Hattoki eng elementar narsa - nechta fandan test bo‘lishi ham aniq emas.

Mening xavotirim, joriy yilda ham xuddi o‘tgan yilgidek barchasi kechikib, shoshilinchda, o‘lda-jo‘lda bo‘ladigandek.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili qabulga oid hujjatlarning kechikib tasdiqlanishi bo‘yicha o‘ziga xos salbiy rekord yangilangan edi. Shu darajada kechikkanki, hatto qabul kvotalarisiz qabulni taxminan boshlab turishdi, natijada boshida tavakkal hujjat topshirib qo‘yganlar bilan ko‘plab muammolar chiqdi.

Nahotki bu yil ham o‘sha hassamizni yana yo‘qotsak? O‘tgan yilgi xatolar dars bo‘lmaganmidi?

Bu savollarimiz ko‘proq Vazirlar Mahkamasiga, yanada aniqrog‘i Davlat qabul komissiyasiga qaratilgan. Faoliyati o‘ta sirli va yopiq bo‘lgan ushbu komissiya ta’limda juda ko‘p narsani ortga tortishi bilan mashhur. Ko‘pchilik aholi bunday komissiya borligini bilmaydi va odamlar ta’limga oid bahsli qarorlarda asosan vazirliklarni yoki DTMni ayblab yurishadi.

Aslida esa bu komissiyaga juda katta vakolatlar berilgan, shunga yarasha ochiq va shaffof ishlamaydi ham. Komissiyaning birorta majlisiga jurnalistlar va jamoatchilik vakillari chaqirilmaydi. Barcha qarorlar yopiq eshiklar ortida qabul qilinadi. Qarorlari hech qayerda rasman e’lon qilinmaydi va h.k.

Misol uchun, 30 aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev karantin munosabati bilan imtihonlarni soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shundan keyin DTM direktori tegishli takliflarni tayyorlab, Davlat qabul komissiyasiga yuborganini ma’lum qildi. Ammo mana oradan 1 oy vaqt o‘tdi, lekin haligacha tartib tasdiqlanmadi.

Abituriyentlar Davlat qabul komissiyasi qarorini yana qancha kutishi kerak? Qachon biror narsa aniq bo‘ladi? Nega yana testga sanoqli kunlar qolganda yangiliklarni e’lon qilib, abituriyentlar va ularning ota-onalarini shoshirib qo‘ymoqchimiz?

So‘zim so‘nggida Hukumatda ijtimoiy kompleks rahbarligiga tayinlangan yangi Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevdan ushbu masalaga jiddiyroq e’tibor qaratib, o‘tgan yillardagi tarix takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligini iltimos qilib qolaman.

Xushnud Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!