Pulga sotilayotgan haydovchilik guvohnomalari, jinoyat ustida qo‘lga tushgan mas’ullar – «Vatanparvar» tashkiloti rahbari Husan Botirov bilan suhbat

Pulga sotilayotgan haydovchilik guvohnomalari, jinoyat ustida qo‘lga tushgan mas’ullar – «Vatanparvar» tashkiloti rahbari Husan Botirov bilan suhbat

O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlashdagi muammolar – sotilayotgan haydovchilik guvohnomalari, so‘kong‘ich instruktorlar, ko‘payib ketayotgan malakasiz haydovchilar haqida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti rahbari Husan Botirov «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovning savollariga javob berdi.

Suhbat davomida Husan Botirov pulga sotilayotgan «prava»lar haqidagi savolga javob berar ekan, kimdir ishi, o‘qishi yoki boshqa sabablarga bog‘liq holda avtomaktabda o‘qimay «Mana, sizga o‘sha o‘qishga ketadigan mablag‘, imtihondan o‘tkazib bersangiz bo‘ldi», deb murojaat qiladiganlar borligini ta’kidlab o‘tdi.

«Buni yurtimizda ko‘pchilik biladi. Birinchisi, bu avtomaktablarning shaxsiy manfaati – tezkorlik bilan katta daromadni qo‘lga kiritish. Mana, o‘zimizdan qiyoslab aytaman, ‘Vatanparvar’ tashkilotida ham ba’zi bir joylarida uchrab turadi. Endi, o‘zingiz tushunasiz, baribir ishlab topish oson emas, ishlab topish uchun harakat qilish kerak, buning uchun qandaydir reja bo‘lish kerak. Men ham tashkilotga kelganimdan so‘ng oddiy bir masalani qo‘ydim:menga tashkilotni hech bo‘lmasa yaqin besh yillikdagi ko‘rsatkichlarini bir ko‘rsatinglar, dedim. Shu ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, keyin hamkasblarim, muovinlarim bilan maslahat qildik va demak, bularga qaysidir ma’noda reja belgilab berishimiz kerakdir. Bular nimagadir intilib harakat qilishi kerak-ku. Daromadga kirib, tashkilotining holatini saqlab turishi uchun, yangi sharoit yaratish uchun. Yangi avtomobillar olaman, desa mana shu vaqtda bitta muammo kelib chiqadi – xususiy maktablar va boshqa avtomototransport haydovchilarini tayyorlaydigan tashkilotlar bilan raqobatda eng asosiysi o‘quvchini yo‘qotib qo‘ymaslik. O‘quvchi men band edim, darsga kelishga imkonim bo‘lmay qolishi mumkin, desa, o‘sha o‘quv muassasasi shunga rozi bo‘ladi. Eng asosiysi, pulini to‘lasin, qanday bo‘lmasin, shu tushum bo‘lsin», – deydi «Vatanparvar» rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2021 yilning o‘tgan o‘n oyi davomida «Vatanparvar» qoshidagi bo‘limlarda pul evaziga guvohnoma sotilayotgani haqida murojaat kelib tushmagan.

«To‘g‘risini aytsam, ishga ilk kelgan vaqtimda ikkita xunuk holat bo‘ldi. Judayam afsus bilan qabul qildim. Birinchisi, «Vatanparvar» tashkilotida ham bor ekan. Demoqchimanki, Mirobod tumanidagi o‘quv sport texnika klubimiz rahbari bir fuqaroga o‘qishga qatnashmasdan guvohnoma olishga yordam qilish evaziga ma’lum miqdorda pul olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ikkinchisi esa Yunusobod tumanidagi sport markazimiz bor: markaz tasarrufida avtomototransport haydovchilarni tayyorlash maktabi bor u yerda ham. Shu yerda rahbarning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari xuddi shunday holatda shu sabablarga ko‘ra qo‘lga olinganini guvohi bo‘ldik. Joylarda bunday holatlar to‘liq barham berilgan, deb aytishga menda hozir yuz foiz kafolat yoki asos yo‘q. Faqatgina o‘qish jarayonlaridan norozi bo‘lib, bitta-ikkita murojaat qilgan fuqarolarimiz bor. Ya’ni o‘quvchi uchun tashkil etilishi kerak bo‘lgan avtomobillarni boshqarish va amaliy mashg‘ulotlariga ko‘proq noroziliklar bo‘ladi», – dedi Husan Botirov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda har yili avtomototransport haydovchilarining 50 foizi, taxminan, 300 mingga yaqin haydovchi tayyorlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!