Prezidentlikka nomzodlar omma oldida debat o‘tkazishadimi?

Prezidentlikka nomzodlar omma oldida debat o‘tkazishadimi?


Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berilishi ortidan nomzodlar omma oldida debatlar o‘tkazishadimi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Mazkur masalaga saylov qonunchiligi nuqtai nazaridan to‘xtalib o‘tsak.

✔️ Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti-saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir, deb belgilangan. Hali partiyalar nomzodlarini e’lon qilishmagan ekan demakki, bugundan boshlab saylovchilarni o‘z partiyalarini yoqlab ovoz berishga undash bilan shug‘ullanishlari mumkin. Keyinchalik nomzod ro‘yxatga olinsa nomzodni yoqlab undashga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

✔️ Kodeksning 45-moddasiga ko‘ra, "tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin."

Biz aytayotgan debat masalasi ham ushbu qismda aks ettirilgan bo‘lib, debat omma oldida ochiq munozara olib borishning bir shakli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tashviqotning ushbu shaklidan foydalanish yoki foydalanmaslik nomzod yoki partiyalarning mutlaq huquqi.

Lekin debatlar dunyo saylov tizimidagi eng demokratik, zamonaviy saylovoldi tashviqoti ekanligini inobatga olsak, bu shakl o‘zbekistonlik saylovchilar uchun ham ma’qul kelgan bo‘lardi. Partiyalar va nomzodlar buni inobatga olishadi, degan umiddamiz.

✔️ Yana bir muhim masala shundaki, Saylov kodeksining 44-moddasiga asosan saylov komissiyalari a’zolarining saylovoldi tashviqotini olib borishi ta’qiqlanadi.

Oddiy aytganda nomzodlar debatlar o‘tkazadimi yo‘qmi bu kabi ishlarga aralashish yoki shug‘ullanish markaziy saylov komissiyasi vakillariga mumkinmas. Demak, bu savolni ularga berishning o‘zi ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Nomzodlar aniq bo‘lguncha hozircha bu savolga partiyalar javob bergani ma’qul.

Rasul Kusherbayev, deputat


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!