Prezident "YUNESKOning ekologik poytaxti" global tashabbusini ilgari surdi
30 oktyabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari bunday nufuzli forumning so‘nggi 40 yil ichida ilk bor YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida — ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand zaminida o‘tkazilayotganligi Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi.
Prezident o‘z nutqida iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini, o‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizasiya jarayonlari madaniy meros ob’ektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazayotganini qayd etdi.
«Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari suramiz. Bundan tashqari, YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbari inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash; jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish; xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash; virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminasiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish hamda dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etishga qaratilgan dolzarb takliflarni ilgari surdi.
Prezident Samarqanddagi sessiya hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, barqaror rivojlanish bo‘yicha global hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish borasida ulkan amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.
