Prezident tomonidan imzolangan farmonning ahamiyati

Prezident tomonidan imzolangan farmonning ahamiyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020 yilning 24 iyulidagi Farmoni bo‘yicha

Farmonning muhim jihatlardan biri bu ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish nazarda tutilganligidir.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasida ham Ma’muriy sudlar tashkil etilishi, “Ma’muriy tartib taomillar to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi qabul qilinishi ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish ma’muriy sudlar vakolati sifatida belgilandi. Ammo shu bilan bir qatorda shaxsga, jamiyatga, davlatga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan hamda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqmaydigan huquqbuzarliklar ham ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilmoqda.

Amaldagi Jinoyat kodeksining maxsus qismining 53 ta moddasidagi 63 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha ma’muriy preyudisiya mavjud. Ya’ni, Jinoyat kodeksidagi muayyan harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa jinoyat sifatida baholanadi. Qayd etish lozimki, ma’muriy preyudisiyaga ega bo‘lgan jinoyat qonunchiligidagi qilmishlarni birinchi marta sodir etilganda ma’muriy sudlarda ko‘rilishi shaxsning prosessual huquqlarini jinoyat-prosessual qonunchiligidagi kabi himoya qilish imkonini bermaydi. Ya’ni ma’muriy sudda ish yuritish tabiati bilan jinoyat sifatida ish yuritish tabiati bir biridan farq qiladi.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar AQSH, Germaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda yuqoridagi toifadagi huquqbuzarliklar jinoyat sudlarida ko‘rib chiqiladi.

Shaxsga, jamiyatga, davlatga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan hamda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqmaydigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi shaxsning huquq va erkinliklarini yanada kafolatli himoya qilishga hamda sudlarni ixtisoslashuvini yanada ta’minlashga xizmat qiladi.

Uygun Nigmatdjanov,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!