Prezident rafiqalari kiyinishda nimalarga amal qilishi kerak?

Prezident rafiqalari kiyinishda nimalarga amal qilishi kerak?

Turli mamlakatlarning birinchi xonimlari qanday libos kiyishlari, o‘zlarini qabul va tashriflar vaqtida qanday tutishlari ma’lum qoliplarga solingan tarzda belgilanadi. Prezidentlarning rafiqalari ham ushbu qoidalarga amal qilishi juda muhim, zotan ularning tashqi ko‘rinishi mamlakat imijining bir qismi hisoblanadi. Xo‘sh, bugungi kunda mamlakatlarning birinchi xonimi sanalmish taniqli ayollar kiyinish borasida qanday qoidalarga amal qilishadi?

Liboslar rangi

Davlat rahbarining rafiqalari tomonidan tanlangan liboslar o‘ta yorqin rangda bo‘lmasligi kerak. Diqqat bilan qarasangiz, ularning aksariyat qismi sokin rangdagi liboslarga moyillik bildirishlarining guvohi bo‘lasiz. O‘ta yorqin rangli va tushunarsiz bezaklarga ega liboslar  birinchi xonimlar ko‘rinishiga putur yetkazib qo‘yishi mumkin.

Kolgotka ham ahamiyatga egami?

Albatta! Stilistlarning aytishicha, bu birinchi xonimlar garderobining ajralmas qismi sanaladi. Ular obrazlari uchun qanday libos tanlamasin, hech bo‘lmaganda teri rangidagi shaffof kolgotka kiygan bo‘lishi lozim. Ushbu qoida qirollik oilalari vakilalari orasida ham ko‘pdan beri mavjud.

Bayramona muhitda esa ularni qora kolgotka kiygan holatda ham uchratish mumkin ekan.

Biroq AQSh prezidentining umr yo‘ldoshi Melaniya Tramp ushbu qoidaga unchalik ham diqqat qaratmaydi. U rasmiy tadbirlar chog‘ida ham ushbu qoidaga zid ravishda ish ko‘rishi mumkin. Balki bu uning avvallari model bo‘lgani va boshqalardan ajralib turishni xush ko‘rishi bilan bog‘liqdir?

Bosonojka kiyish taqiqlanadi!

Mamlakatlarning birinchi xonimlari orasida rasmiy tadbirlarga tufli emas, bosonojka kiyib borish holati deyarli uchramaydi. Ular o‘ta issiq va hattoki jazirama havo sharoitlarida ham ochiq ko‘rinishdagi poyabzal kiyishi mumkin emas.

Argentina prezidentining rafiqasi Xuliana Avada ushbu qoidani bir necha bor buzgani uchun dizaynerlar tomonidan keskin tanqid qilingan edi. Uning issiq kunlarda tufli emas, bosonojka kiyishi, ba’zan esa kolgotka haqida ham unutishiga bir emas, ikkita diplomatik dress-kod qoidalarini buzish deya ta’rif berilgan.

Zargarlik buyumlari haqida unutamiz!

Mamlakatning birinchi xonimi bo‘lmish ayollar orasida yozilmagan qoida mavjud: ular hech qachon omma qarshisida qimmatbaho taqinchoqlar taqib olgan holatda namoyon bo‘lishmaydi. Aksariyat mamlakatlarda bu narsa hashamat va boylik bilan maqtanish sifatida baholanadi. Ushbu qoida nafaqat birinchi xonimlar, balki qirollik oilalari a’zolariga ham birday tegishli.

Qimmatbaho zargarlik buyumlarini haddan tashqari tez-tez taqish, liboslar uchun o‘ta ko‘p pul sarf etish oqibatida ko‘plab qirollik oilalari ham odamlar tomonidan tanqid qilingan. Misol uchun, Sasseks gersoginyasi Megan Markl ham o‘zining qimmatbaho liboslari va zargarlik buyumlari sababli xalqning tanqidiga duchor bo‘lgandi.

Sarafan

Sarafan kerakli darajada uzun, sokin rangda, yetarlicha hamyonbop narxda bo‘lishi, tufli bilan kiyilishidan qat’i nazar birinchi xonimlar garderobida aslo bo‘lmasligi kerak. Buning sababi, ushbu libosning yuqori qismi yetarlicha yopiq emasligidir. Prezidentlar va qirollarning rafiqalari issiq kunlarda ham yelkalari butunlay yopiq bo‘lgan libos kiyib yurishga majbur. Ularga yengsiz libos kiyish ham ta’qiqlangan, bu xalqaro etiket qoidalariga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Rang-barang liboslar

Yuqorida tilga olinganidek, birinchi xonimlar garderobidagi aksariyat liboslar sokin ranglarda bo‘lmog‘i darkor. Liboslarda o‘ta jimjimador naqshlar mavjud bo‘lishi, shuningdek, obrazda 2-3 xil rangdan ko‘pi ishlatilishi ham mumkin emas.

Bundan tashqari, birinchi xonimlar obrazi turmush o‘rtoqlarining tashqi ko‘rinishiga ham uyg‘un tarzda tanlanishi kerak. O‘z vaqtida AQShning birinchi xonimi sanalgan Mishel Obama turli tadbirlarga o‘ta yorqin, gulli va etnik naqshlarga ega liboslar kiyib borar, bu esa Barak Obamaning liboslariga mutlaqo mos kelmasdi. Shu sababli ham Mishel Obama obrazlari ko‘p hollarda mutaxassislar tomonidan jiddiy tanqid qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!