Prezident maktablari imtihoni natijalarini e’lon qilish kechiktirildi

Prezident maktablari imtihoni natijalarini e’lon qilish kechiktirildi

Prezident maktablariga kirish uchun imtihonlar 21-22 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan va uning natijalari 16 sentyabr kuni e’lon qilinishi ma’lum qilingan edi.

Mazkur imtihonlar Cambridge universiteti qoshidagi butun dunyo bo‘ylab o‘quvchilarning bilimlarini baholaydigan xalqaro tashkilot Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi Prezident maktablari 2- bosqich kirish imtihonlari natijalarini e’lon qilish kechiktirilib, 20 sentyabrga qoldirilganini ma’lum qildi. Agentlik bu xabarni Cambridge Assessment tashkilotining Test ishlab chiqish va qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Gven Kodvallga asoslanib bergan.

“Cambridge Assessment tashkiloti bugungi kunda 100 dan oshiq davlatda imtihon o‘tkazayotgani va vaqt juda tig‘izligiga qaramay, grafik asosida ish yuritayotganini ma’lum qildi”, deyiladi agentlik xabarida.

Bundan tashqari, ochiqlanmayotgan sabablarga ko‘ra akademik liseylar uchun o‘tkazilgan imtihonlarning yakuniy javoblarini e’lon qilish ham kechikmoqda.

Huquqshunos-bloger, Oliy ta’lim kengashi a’zosi Xushnud Xudoyberdiyev ham ta’lim muassasalari imtihonlarining natijalari cho‘zilib ketgani uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy izoh berishi joizligini aytdi:

“Shu o‘rinda mas’ullarga savol: akademik liseylar uchun o‘tkazilgan imtihonlarning yakuniy javobi (kim kirdi, kim kirmadi) qachon chiqadi? Ko‘pchilikdan shunday savol tushmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bunga biror rasmiy izoh berib qo‘ysa yaxshi bo‘lardi”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi OTMga kirish imtihonlari yakuniy natijalari ham so‘nggi 4 yildagi eng uzoq kuttirgan mandat bo‘lib, imtihonlardan 18 kun o‘tgach e’lon qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!