Prezident Farmoni bilan 136 nafar shaxs afv etildi. Ular kimlar?

Prezident Farmoni bilan 136 nafar shaxs afv etildi. Ular kimlar?

Mamlakatimizda ulug‘ ayyom va sanalar arafasida insoniylikning oliy namunalaridan — afv amallarini qo‘llash an’anaga aylanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan hamda Konstitusiyamizning 93-moddasiga asosan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekilishi buning yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Bu safargi hujjatga binoan afv etilgan 136 nafar shaxs taqdirida, shub­hasiz, muhim burilish yasaldi. O‘z hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishlari uchun imkon berildi, undan ham muhimi, 136 oilaning bag‘ri but bo‘ldi, xonadonlariga yorug‘lik indi. Indallosini aytganda, xatosini anglab, astoydil pushaymon bo‘lganlarga muruvvat ko‘rsatildi.

Afv etilgan shaxslarning 30 nafari jazodan to‘liq, 26 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilinadi, 42 nafariga tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtiriladi. Xullas, 98 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinadi. Shuningdek, 38 nafariga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi muddatlari qisqartiriladi.

Yana bir ma’lumotga e’tibor qaratish zarur: afv etilganlarning 6 nafari 60 yoshdan oshganlar, 2 nafari chet el fuqarolari, 3 nafari ayollar va 61 nafari ­taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxs­lardir.

Ana shulardan biri — Jinoyat kodeksi 159-moddasi bilan ozodlikdan mahrum etilgan Alisher Muxtorov. U 1975 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, muqaddam 2 marotaba sudlangan. Ikki o‘g‘il, bir qizning otasi. Jami 19 yil umrini jazoni ijro etish muassasasida o‘tkazdi. 21 yoshga kirgan katta farzandining bolaligi, voyaga yetayotgan chog‘i, qolganlarining erkalanib qilgan sho‘xliklarini ko‘rmagan. Endi bunisi — armon. Farmon imzolangan kunning o‘zida ozodlikka chiqqan Alisherning nadomati, havoga sovurilgan umrining besamar yillari uchun chekkan anduhiga quloq tutdik...

— Ota-onam, oilam va farzandlarim bag‘riga qachon qaytishimni aniq bilmasdim, — deydi u. — Prezidentimizga rahmat, bizga hayotda o‘z yo‘limiz va o‘rnimizni topishimiz uchun yana bir imkoniyat berdi. Qilmishim qanday oqibatga olib kelishini anglab yetdim. Endi bundan keyingi hayotimni to‘g‘ri tashkil etib, xalqimiz va Vatanimizga chin dildan xizmat qilishga intilaman.

Afv haqidagi bu Farmonning tayyorlanishi ham butun boshli jarayonni o‘z ichiga oldi. Ya’ni avvalo, mahkumlar jinoiy ishlari ortida yuzlab insonlar taqdiri yotganligi yurakdan teran his etilib, har bir tafsilot chuqur o‘rganildi. Ana shundan keyingina hujjat imzolandi.

— Davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhlari tomonidan mahkumlar bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazildi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Zafar Nazarov. — Shu jarayonda ularning shaxsi, jinoyatlarining ijtimoiy xavflilik darajasi, qilmishidan chin pushaymonligi, yetkazilgan moddiy ­zararni qoplaganligi hamda oilaviy holati o‘rganib chiqildi. Shuningdek, ular ro‘yxatda turgan mahallalardan tavsifnomalar olindi. Keyin afv etiladiganlar safiga kiritildi.

Shuni alohida qayd etib o‘tish lozimki, bu galgi va undan avvalgi, ya’ni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida qabul qilingan afv to‘g‘risidagi hujjatlar ijrosi davlatimiz rahbarining joriy yil 8 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida olib borilmoqda.

Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga kiritilgan afv instituti qo‘llanila boshlaganidan buyon, hozirgilarini ham qo‘shib hisoblaganda, 3323 nafar shaxs yana ozod hayot quchog‘iga qaytdi. Tabiatan hur, erkin yashash uchun yaratilgan insonga ozodlikni cheklashdan og‘irroq jazo yo‘qligini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Bir paytlar jazolangan, endilikdagi sobiq mahbuslar ham “musichadek beozor” bo‘lib, holva yeb yurgani uchun ariston qilinmagan. Shundayku-ya, ammo bu — uning butun hayoti abgor bo‘lib, rasvo-yu­ raddi balo bo‘lmog‘i kerak, degani ham emas. Gap ozodlikka qaytgan yurtdoshlarimizning qamoqdan keyingi hayoti to‘g‘risida ketmoqda. Zamonaviy tilda “ijtimoiy reabilitasiya” deyishadi buni. Ular o‘zini katta hayotga ko‘niktirishi, odamlarga qo‘shilib, jamiyatga moslashishi kerak. Bu borada ularni begonadek ko‘rib ajratib qo‘ymasdan, har tomonlama ko‘maklashish muhim hisoblanadi. Bunisi endi mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, umuman, davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining kechiktirib bo‘lmas vazifasidir.

Shu bois ushbu masala Farmonda alohida bel­gilab qo‘yilgan. Ya’ni afv etilganlarni oilasi hamda yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga to‘la moslashib, mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatdan munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Aslida ayol hamda jinoyat so‘zlarini yonma-yon qo‘llashga til bormaydi. Afv etilganlar orasida uch nafar ayol kishi ham bor. Bir qarashda bu raqam oz ko‘rinadi. Ammo ­uyiga qaytib kelayotgan erkaklar ham eshik sanab, boshqa joyga emas, ro‘zg‘ori, ayoliyu bola-baqrasi oldiga borayotganligini hisobga olsak, qanchadan-qancha opa-singillarimizning ko‘zida quvonch balqiganini anglash qiyin emas. Bu — turmushning bor yukini nozik yelkasida ko‘tarib kelayotgan ayollar bag‘riga oftob tegdi, suyangan tog‘i qaytib, endi ro‘shnolik ko‘radi, deganidir.

Farmonning aynan Kons­titusiya kuni arafasida qabul qilinishida ham o‘ziga xos ma’no bor. ­Asosiy Qonunimiz timsolida afv etilgan shaxslarda bundan keyingi hayotida qonunlarga nisbatan hurmat ruhini shakllantirish mujassam.

Xullas, shuncha yurtdoshimiz afv etildi. Ularning bundan keyingi hayoti qanday bo‘lishi endi ko‘p jihatdan o‘zlariga bog‘liq.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Zokir XUDOYSHUKUROV tayyorladi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!