Polshada O‘zbekiston kuni o‘tkazildi

Polshada O‘zbekiston kuni o‘tkazildi

Dombrova-Gurnicha shahridagi Polsha biznes-akademiyasida (Wizsza Szkola Biznesu – WSB) mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O‘zbekiston kuni tashkil etildi.

WSB biznes-akademiyasi Toshkent davlat agrar universiteti bilan ikki tomonlama diplom yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik qiladi. Ayni paytda 200 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba akademiyaning bakalavriat va magistratura bosqichlarida “Xalqaro munosabatlar”, “Biznes” va “Menejment” yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.

Tadbirda oliy bilim yurti rektorati vakillari, professor-o‘qituvchilari, mahalliy va xorijlik talabalar, jumladan, o‘zbekistonlik yoshlar, shuningdek, shahar aholisi qatnashdi.

Unda Yangi O‘zbekiston, mamlakatimiz taraqqiyotidagi yangi bosqichning ijobiy natijalari haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Respublikada turizm infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yoshlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. O‘zbekistonda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizdagi demokratlashtirish jarayonlari samaradorligini oshirish borasidagi ishlarga, ayniqsa, alohida urg‘u berildi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda xalq farovonligini yuksaltirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirildi. Xalqaro jamiyatda Sharq demokratiya maktabining o‘ziga xos namunasi sifatida e’tirof etilgan an’anaviy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi transformasiya qilinmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallani qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirish, uni xalqqa eng yaqin tuzilmaga aylantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilganlar ta’lim sohasidagi O‘zbekiston – Polsha munosabatlari, ikki davlat universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari o‘rtasidagi akademik almashinuvlar bilan atroflicha tanishdi.

Tadbir yakunida WSB biznes-akademiyasi ma’muriyati bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, 2022 yil iyul oyida Toshkent shahrida Polsha kunini o‘tkazish, jumladan, ushbu mamlakat ta’lim tizimi taqdimotini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!