Pokiston va O‘zbekiston tranzit savdosini Xitoy orqali yo‘lga qo‘ymoqchi
Pokiston va O‘zbekiston ikki tomonlama tranzit savdosini Xitoy orqali amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu qaror Afg‘oniston orqali o‘tuvchi savdo yo‘laklarining yopilishi hamda mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli qabul qilinmoqda.
Tomonlar 21 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosarining Pokistonga tashrifi doirasida Pokiston–O‘zbekiston tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha protokolni imzolashi kutilmoqda, deyiladi Pakistan Today xabarida.
Yangilangan hujjatga ko‘ra, Xitoy orqali o‘tuvchi yangi yo‘nalish rasman tranzit yo‘laklaridan biri sifatida kiritiladi. Yuklar Pokistonning Sost quruqlik porti orqali Xitoyning g‘arbiy qismiga, u yerdan esa Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan O‘zbekistonga yetkaziladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Pokiston dengiz portlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi.
Avvalroq Pokiston uchun eng qisqa va iqtisodiy jihatdan eng qulay yo‘l Afg‘oniston orqali o‘tar edi. Biroq 2025 yil kuzida Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgach, Torxam va Chaman kabi asosiy chegara o‘tish punktlari yopildi. Bu nafaqat Markaziy Osiyoga tranzitni, balki Afg‘onistonga eksportni ham jiddiy chekladi.
Pokiston muammoni hal qilish uchun avval Eron orqali muqobil yo‘nalishni faollashtirgan edi. Ammo Eron atrofidagi harbiy keskinlik va Xurmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar mazkur marshrutning ishonchliligini pasaytirgan.
Shu bois, Xitoy orqali yangi yo‘nalish Pokiston va O‘zbekiston uchun Afg‘oniston hamda Eronni chetlab o‘tuvchi barqaror tranzit imkoniyatini yaratadi. Bu yo‘l uzoqroq va qimmatroq bo‘lishi mumkin, ammo mintaqadagi xavfsizlik xavflari sharoitida muhim zaxira marshruti sifatida baholanmoqda.
O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. 2025 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 445,9 million dollarga yetgan. Shundan Pokistonning O‘zbekistonga eksporti 120,9 million dollar, O‘zbekistondan importi esa 325 million dollarni tashkil etgan.
Xabarga ko‘ra, yangi kelishuv Afg‘oniston orqali o‘tuvchi qisqa marshrut o‘rnini to‘liq bosmasa-da, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarini bitta tranzit yo‘liga bog‘lab qo‘ymaslik va tashqi xavflarga chidamli logistika tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
