Pensiya va nafaqalarni tarqatish huquqi turli banklarga beriladi

Pensiya va nafaqalarni tarqatish huquqi turli banklarga beriladi

O‘zbekistonda davlat pensiyalarini tayinlash jarayoni soddalashtirilib, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimi takomillashtiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensasiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan boshlab davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi.

Davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikasiya ID-kartasi talab etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!