Patronaj doya shtati: Tibbiy amaliyotda qanday natija bermoqda?
Bo‘lajak onalarning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi o‘ta muhim. Ammo ilgari bu haqda homilador ayollarga yetarli ma’lumot berilmagan. Onadan bolaga o‘tadigan ba’zi infeksiyalar, kasalliklar to‘g‘risida opa-singillarimiz bilmagan.
Ko‘krak sutining ahamiyatini yaxshi anglamagan oilalarda chaqaloqlarni sun’iy oziqlantirish holatlari ortgani ham sir emas. Bu ham bolalar o‘rtasida turli xastaliklar ko‘payishida bosh omillardan biri bo‘lib xizmat qilyapti.
Prezidentimiz tashabbusi bilan birlamchi bo‘g‘inda 8500 nafar doya hamshirasi shtati joriy etilib, ular tibbiy brigada tarkibiga kiritilishi homilador ayollarni skrining tekshiruvlariga yo‘naltirish, tibbiy nazorat qilish, sog‘lom farzandlar dunyoga kelishi, chaqaloqlarni tug‘uruqdan keyin sog‘lom parvarishlash borasida ijobiy natijalar uchun asos bo‘lmoqda.
Ushbu yangi mexanizmni yo‘lga qo‘yish uchun avvalo, Turkiya, Belarus, Germaniya va Litva tajribasi o‘rganildi va patronaj doyalar amalga oshirishi lozim bo‘lgan funksional vazifalar belgilandi.
Keyingi bosqich esa ushbu mutaxassislarni tayyorlash, ularni kerakli bilim va ko‘nikmalar bilan boyitishga qaratildi. Xususan, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida “Sog‘lom oilani shakllantirish” mavzusida o‘quv dasturlari shakllantirilib, malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Bu jarayonga horijlik professor-o‘qituvchilar jalb etilgani mashg‘ulotlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Xalqaro tajribada “kaskad” usuli yordamida milliy trenerlar tayyorlash tajribasi mavjud. Buning yuqori natijadorligi amaliyotda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Shuni hisobga olgan holda, 46 nafar tajribali pedagog uchun chet ellik ekspertlar tomonidan maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
O‘qishni muvaffaqiyatli tugatganlarga “Xalqaro standartlar asosida tayyorlangan mahalliy trener” sertifikati berilib, ular, o‘z navbatida, joylarda boshqa doyalarni o‘qitishni davom ettirdi.
Ushbu unikal kasb egalarini rag‘batlantirish maqsadida yurtimizda ilk bor to‘rt bosqichdan iborat “Patronaj doya – ayol salomatligi tayanchi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Unga ko‘ra, bir oy davomida mahallalar kesimida 8 ming nafardan ziyod, tumanlar kesimida 2000 nafar, viloyatlar kesimida 200 nafardan ortiq va respublika bosqichida patronaj doyalar 14 ta nominasiya bo‘yicha bellashdi va g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ayni paytda doyalar tomonidan farzand ko‘rishga mutlaq yoki nisbiy moneligi bo‘lgan va homiladorligi asorat bilan kechayotgan opa-singillarimiz birlamchi tizimdagi “Ayollar maslahatxonasi”da tug‘uruq komplekslari shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kundalik reja asosida ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, patronaj doyasi o‘z uchastkasidagi har bir homilador ayolning uyiga kirib borib, ambulator va stasionar sharoitdagi tekshiruv va davolash jarayonlarini nazoratga olib, shaxsan kuzatib boryapti.
Har bir doya o‘zining “Muvaffaqiyatlar arxivi”ni yaratayapti, ya’ni uning ko‘magi bilan salomatligi yaxshilangan, hatto o‘limdan saqlab qolingan ayollar haqida batafsil yozib boradi. Shuningdek, uyma-uy yurgan holda “Muammoli homiladorlar ro‘yxati” shakllantirilib, shifokorlar yordamida bunday ayollar salomatligi tiklanmoqda.
Ularning faoliyati natijasida yil boshidan beri 32 ming nafardan ortiq ahvoli og‘ir bo‘lgan ayollar aniqlanib, doimiy parvarish evaziga holati yaxshilanishiga erishildi.
Doyalar homiladorlik aniqlangandan boshlab, ham ona, ham go‘dak salomatligining himoyachisi sifatida ayolning tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi, tug‘uruq kompleksiga borishini nazoratga olib, farzandli bo‘lgach, chilla davrida 42 kun ularning sog‘ligini kuzatib boradi va shundan so‘ng patronaj hamshirasiga topshiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, tibbiy brigada tarkibida patronaj doya faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yana bir yaqqol tasdig‘idir.