Pashinyan bilan kelishmovchilikdan so‘ng ishdan bo‘shatilgan Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari sudga murojaat qildi

Pashinyan bilan kelishmovchilikdan so‘ng ishdan bo‘shatilgan Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari sudga murojaat qildi

Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryan respublika ma’muriy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. U o‘zining iste’fosi to‘g‘risidagi farmonni haqiqiy emas deb topilishni talab qilmoqda, deb yozadi "RBK".

Da’vo arizasi 3 mart kuni berilgan, uning tarkibiga bosh vazir devoni va Bosh shtab uchinchi tomon sifatida kiradi.

Ma’lumot uchun, Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryan mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyanning taklifiga binoan ishdan bo‘shatilgan. Bunga Xachatryan bosh vazirning Rossiyada ishlab chiqarilgan «Iskander» raketa kompleksining samarasizligi haqidagi so‘zlarini tanqid qilgani sabab bo‘lgan.

23 fevral kuni Armaniston bosh vaziri 1in.am kanaliga bergan intervyusida 2020 yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro paytida Yerevan qo‘llagan «Iskander» raketalari «portlamagan yoki 10 foiz qismigina portlagan»ini aytgan. Yerevan Today nashri jurnalistlari Tiran Xachatryandan ushbu bayonotga izoh berishni so‘raganida, u uzoq kulgan va «bo‘lishi mumkin emas» deb javob bergan.

Xachatryan iste’foga chiqqandan so‘ng Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan va hukumatning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilib bayonot bergan. Bayonotga imzo chekkan 40 nafar yuqori martabali harbiy xizmatchining fikricha, Xachatryan «yuzaki o‘ylangan va asossiz sabablarga ko‘ra» ishdan bo‘shatilgan.

Keyinchalik Pashinyan unga «Iskander» raketalari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilganini tan oldi. Shu bilan birga, u harbiylarning xatti-harakatlarini davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi va Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga urindi, ammo Armaniston prezidenti uni iste’foga chiqarishdan bosh tortdi. Pashinyan Bosh shtab rahbarini «xoin» deb atab, uning ketishini talab qilishda davom etdi. Armaniston prezidenti mamlakat Bosh shtabi rahbarining iste’fosini ma’qullashni ikkinchi marotaba ham rad etdi. Yerevanda 25 fevraldan buyon bosh vazir tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlarning aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!