Pandemiya va pandemiyadan keyingi davr: xorijiy davlatlarda investisiya siyosati qanday kechmoqda?

Pandemiya va pandemiyadan keyingi davr: xorijiy davlatlarda investisiya siyosati qanday kechmoqda?

Pandemiya va uning tarqalishiga qarshi qaratilgan cheklov choralari dunyo iqtisodiyotiga keskin va sezilarli darajada zarar yetkazdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish sur’atlarining bunday keskin pasayishi Ikkinchi jahon urushi davridan beri birinchi marta kuzatilmoqda. Jahon Bankining shu yil iyun oyidagi taxminlariga ko‘ra, 2020 yili dunyo iqtisodiyoti 5,2 foizga qisqarishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga daromadlar miqdori 3,6 foizga kamayib, buning natijasida yer yuzining millionlab aholisi qashshoqlikka yuz tutishi mumkin.

Rivojlangan davlatlarda iqtisodiy faollik 7 foizga, rivojlanayotgan mamlakatlarda 3 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Joriy yilda Yevropa mintaqasida ishlab chiqarish hajmi 10 foizgacha qisqarishi, AQSh va Yaponiya kabi davlatlar o‘zlarining 6,1 foizgacha bo‘lgan Yalpi ichki mahsulotlarini yo‘qotishi mumkin. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodning o‘rtacha 4,7 foizga, Rossiyada 6 foizga qisqarishi kutilmoqda.

BMTning Savdo va rivojlanish bo‘yicha Konferensiyasi (YUNKTAD) taxminlariga ko‘ra, pandemiyaning salbiy oqibatlari 2020-2021 yillarda dunyo miqyosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmining 40 foizgacha qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu so‘nggi 20 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Pandemiya inqirozi xalqaro investisiya kelishuvlari va bitimlari tuzilishi, davlatlarning yaqin kelajakdagi investisiya siyosati shakllanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Xalqaro miqyosda oldindan rejalashtirilgan korxona va kompaniyalarning qo‘shib olish va singdirish jarayonlari ham noma’lum muddatga ortga surilmoqda. Masalan, “Amazon” korporasiyasi tomonidan “Deliveroo” onlayn yetkazish kompaniyasini qo‘shib olish, “Boeing” kompaniyasi tomonidan Braziliyaning “Embraer” aviakosmik birlashmasini qo‘shib olish sohasidagi bitimlar shular jumlasidandir. 2020 yilning birinchi choragida dunyo miqyosida qo‘shib olish va singdirish bilan bog‘liq bitimlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 70% ga kamaygan.

Xorijiy investisiyalar hajmining jiddiy qisqarishi rivojlanayotgan davlatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Pandemiya cheklovlariga birinchilardan bo‘lib duch kelgan Osiyo mintaqasi va MDH davlatlariga xorijiy investisiyalar oqimi 30-45 foizga kamayishi kutilmoqda. Mintaqadagi aksariyat mamlakatlarning asosiy eksport mahsulotlari bo‘lgan xom ashyolar, neft va gazga talab kamayib, qazib olish sanoatiga yo‘naltirilgan investisiyalar keskin kamaymoqda.

Vaziyatni yumshatish va ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun turli xorijiy hukumatlar turli imkoniyatlardan foydalanishmoqda. Aksariyat davlatlar tibbiy uskunalar va dori vositalari ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga, kichik va o‘rta biznesga soliq imtiyozlari yaratish, ularga moliyaviy ko‘maklashishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishmoqda. Investorlar uchun ma’muriy taomillar soddalashtirilmoqda, investisiyalarni rag‘batlantirish tartiblari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xorijiy kompaniyalar tomonidan qo‘shib olishdan himoya qiluvchi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xususan, katta zarar ko‘rgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning aksiyalari davlat tomonidan sotib olinmoqda. Masalan, Italiya hukumati Alitalia aviakompaniyasini milliylashtirishga qaror qildi. AQShda aviasiya tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 mlrd. dollar ajratilmoqda. Koreya vaksina va dori vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar iqtisodiy barqarorligini saqlab qolish uchun tegishli mablag‘lar ajratishini ma’lum qildi. Niderlandiyada pandemiya tufayli o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan biznes korxonalariga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Misr Arab Respublikasi kamida uch yil muddatga sanoat maqsadlarida ishlatiladigan tabiiy gaz narxlarini 20 foizga, og‘ir sanoat korxonalari uchun elektr energiya narxlarini 10 foizga kamaytirganini e’lon qilgan. Yaponiya yapon kompaniyalarini pandemiyaning salbiy ta’siri kuchli bo‘lgan Xitoydan boshqa hududlarga ko‘chirish maqsadlariga 2.2 mlrd. dollar ajratgan.

Ayni paytda yuzaga kelgan vaziyat ko‘plab davlatlarning investisiya siyosatini o‘zgarishiga olib kelmoqda. Bir tomondan, shu paytgacha asosiy investorlar sifatida namoyon bo‘lgan rivojlangan davlatlar va transmilliy kompaniyalar siyosatida iqtisodiy egoizm alomatlari, ikkinchi tomondan rivojlanayotgan davlatlarning investisiyalarni jalb qilish sohasidagi raqobati kuchayib bormoqda. Donor mamlakatlar investisiya oqimlarini o‘z hududlarida ushlab qolishga harakat qilishmoqda, shuningdek boshqa davlatlarga investisiya kiritish shartlari yanada siyosiylashib bormoqda. Ya’ni, investisiya kiritishning iqtisod va biznes bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan yondosh, siyosiy maqsadlarga qaratilgan shartlari kuchayib bormoqda.

Ma’lumki, so‘nggi o‘n yilliklar mobaynida eksportga yo‘naltirilgan qayta ishlash, tog‘-kon sanoati va qazish singari iqtisod tarmoqlariga investisiyalar jalb etish aksariyat rivojlanayotgan davlatlar strategiyasining asosini tashkil etgan. Arzon ish kuchi va tabiiy resurslardan foydalanib eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investisiyalar o‘z ahamiyatini saqlab qolayotgan bo‘lsa ham, endilikda bunday investisiyalar manbai kamayib bormoqda. Global miqyosda iste’mol hajmi kamayib, tabiiy xom ashyolarga talab keskin pasaygan bugungi sharoitda iqtisodiyotni ichki va mintaqaviy ehtiyojlarga asoslangan holda rivojlantirish, xorijiy investisiyalarni ichki infrastruktura va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirishga alohida e’tibor berish muhimdir. Qayta tiklanadigan energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash singari sohalarga investorlar qiziqishi kuchaymoqda.

Investorlar o‘z mablag‘larini diversifikasiya qilish va mavjud takliflarga alohida diqqat bilan qarayotgan bir paytda investisiyalar jalb qilinadigan soha va tarmoqlarga aniqlik kiritish muhim bo‘lib qolmoqda. Bunda ishga tushirish uchun nisbatan uzoq vaqt va katta investisiya mablag‘lari talab qilmaydigan, pandemiya sharoitida ham daromad olish va ish o‘rinlari yaratish imkonini beradigan loyihalarga ustuvor e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, joriy yilning iyulida Jahon Banki Qozog‘istonga chorvachilikni rivojlantirish va eksportga mol go‘shti yetishtirish klaster tizimini yaratish uchun 500 mln. dollar miqdorida mablag‘ ajratgani ma’lum qilindi. 5 yilga mo‘ljallangan mazkur loyiha iqtisodni diversifikasiyalash, qishloq hududlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Investisiyalar oqimi sezilari darajada kamayib, ularni jalb qilish jarayonida raqobat kuchayib borayotgan sharoitda xorijiy investorlar uchun manfaatli investisiya loyihalarini taklif qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xorijiy investorlarga tegishli imtiyozlar berishning o‘zi bilan bu masalani ijobiy hal etib bo‘lmaydi. Ko‘p narsa investisiyalar va investorlar huquqini himoya qilinganiga bog‘liq bo‘lib, bu esa o‘z o‘rnida tegishli qonunlarning barqarorligi, qonun normalarining rivojlangan davlatlarda amalda bo‘lgan tartib-tamoyillarga yaqinlashtirish bilan ta’minlanadi.

Shu maqsadda, iqtisodni jonlantirish va investisiya muhitini yaxshilash maqsadida Rossiyada joriy yil 1 aprelida investisiyalarni himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan bo‘lib, qonun investorlar bilan davlat o‘rtasida investor mablag‘larini himoya qilinishini kafolatlovchi maxsus kelishuvni nazarda tutadi. Unga ko‘ra davlat investisiya loyihasi amalga oshirilishi mobaynida (6 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatda) investorga nisbatan amaldagi qonunchilik talablarining o‘zgartirmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Bunday shartnoma tuzish uchun investor vakolatli davlat organiga xabar berish tartibidan foydalanadi. Bu jarayonda investorga qo‘yiladigan barcha talablar qonunda ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq ushbu qonunning ta’sir doirasiga tushadigan investisiya loyihalari hajmi nisbatan katta bo‘lib, qonun normalaridan faqat yirik kompaniyalar manfaat ko‘rishlari mumkin. Masalan, davlat nomidan shartnoma tuzilishi uchun kiritilayotgan investisiya miqdori 10 milliard rubldan (taxminan 12,7 mln. dollar) kam bo‘lmasligi talab qilinadi. Shu ma’noda aksari mutaxassislar qonun normalari barcha investorlar uchun birday tatbiq etilishi kerakligi haqida fikrlar bildirishmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirish jarayonida investorga nisbatan amaldagi qonunchilik talablari o‘zgarmasligi davlat tomonidan kafolatlanadigan bunday tartibni o‘rnatish O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Jahon Bankining 2020 yil 7 oktyabrda e’lon qilingan Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy sharhida ta’kidlanganidek, xususiy tadbirkorlikka qulay sharoitlar yaratish, davlatga qarashli yoki davlat amaldorlari bilan aloqador korxonalarga nisbatan alohida yondashuvni istisno qilgan holda barcha uchun teng imkoniyatlar berilishi mintaqada iqtisodiy rivojlanishni belgilovchi asosiy omillardan biridir. Ayni paytda mahalliy investorlarni rag‘batlantirish, qonunchilikda xorijiy investorlarga mo‘ljallangan yengillik va imtiyozlarni mahalliy investorlar uchun ham tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, yaqinda Xitoyda joriy qilingan erkin iqtisodiy hududlardagi imtiyozlar rejimi mahalliy va xorijiy investorlar uchun bir xil shartlarda taqdim etilishi haqidagi tartib shunday chora-tadbirlardandir.

Pandemiya ta’sirini yumshatishga qaratilgan tadbirlar soliq va moliya jihatidan faqat korxonalar va alohida tarmoqlarni emas, balki ularning xodimlarini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.

Anvar EMINOV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!