Ozodbek Nazarbekov: "Rossiya va O‘zbekiston madaniyat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi"
Moskvada O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Ayni kunlarda Rossiya Federasiyasida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirlar doirasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi madaniyat bo‘yicha qo‘mitaning to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova ishtirok etdi.
“Madaniyat bo‘yicha quyi qo‘mitalar yig‘ilishlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgani quvonarli, bu har yili hamkorlikdagi ish natijalarini sarhisob qilish va kelajak rejalarini konstruktiv muhokama qilish imkonini beradi. 2023 yil 22 may kuni Toshkent shahrida quyi qo‘mitaning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shu vaqt ichida madaniyatning barcha jabhalarida ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirdik, hamkorligimiz prinsipial jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘rnatilgan ijodiy hamkorlikni ishonch bilan qayd etishimiz mumkin va bu yil madaniy muloqotni qo‘llab-quvvatlash yili bo‘ldi”, – dedi Lyubimova.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi.
“So‘nggi yillarda Rossiya va O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi o‘zaro hamkorligi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Ishonchimiz komilki, shu kunlarda Moskva shahrida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” madaniy hamkorligimiz tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Zamonaviy dunyoda, yangi chaqiriq va talablar paydo bo‘lganda, madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish ayniqsa muhimdir. Madaniyat har qanday tarixiy lahzada xalqlarga umid baxsh etuvchi omildir. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va teng huquqlilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish, ikki tomon uchun qiziqarli bo‘lgan qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega”, – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv yakunida, Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat bo‘yicha quyi qo‘mitasining to‘rtinchi majlisi bayonnomasi imzolandi.
O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida turli madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan .Bugun, 19 noyabr kuni, Moskvadagi Kreml davlat saroyida “Vecher zvyozd Uzbekistana” nomli o‘zbek san’ati ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyishi bo‘lib o‘tadi.