"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)

"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)

Poytaxtimizdagi “Residence Park Hotel Tashkent”da O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida O‘zEOAVMA va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi doirasida “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali bo‘lib o‘tdi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida o‘tgan ushbu festivalda O‘zEOAVMAga a’zo ellikka yaqin nodavlat teleradio kompaniyalar xodimlari, o‘ndan ziyod veb-saytlar va blogerlar “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” dasturidan o‘rin olgan 60 ta loyihani yoritish bo‘yicha o‘zlarining ijodiy ishlarini taqdim qilishdi, kelgusi vaziflarni o‘zaro muhokama qilshdi. Haqiqatan ham festivalda media dastur qabul qilingan aprel oyidan shu kunga qadar 500 ga yaqin telereportaj, 10 dan ziyod hujjatli film, 1450 ta radio axborot, veb-saytlarda 215 ta turli xabarlar, salmoqli o‘quvchilar soniga ega bo‘lgan blogerlarning telegram kanallarida 185 tadan ziyod informasiyalar berilganligi ta’kidlandi. Bundan tashqari mamlakatimizning xalqaro miqyosda demokratik nufuzini oshirishda O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasining “Evro news”, “VVS”, “SNN”, “Rossiya-24”, “Amerika ovozi” singari xorijiy yirik media resurslar bilan hamkorligini e’tirof etildi. Ushbu dunyo bo‘yicha keng auditoriyaga ega ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda bo‘layotgan muhim siyosiy va ijtimoiy voqelarni keng yoritishmoqda. Misol uchun yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari yuqoridagi xorijlik hamkorlar tomonidan jahonning o‘nlab tillarida efirga uzatildi.

Festivalning ochilish marosimada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi raisi, Parlament komissiyasi a’zosi B.Tojiyev, O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, parlament komissiyasi a’zosi Z.Ibragimova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umumilliy harakati rahbari B.Bekmurodov, O‘zbekiston Prezidenti Admistrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘.Bozorov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari E.Tulyakov, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri S.Doniyorov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O‘sarov va boshqalar amalga oshirilgan ishlarda O‘zEOAVMA a’zo teleradio stansiyalari va assosiasiya bilan hamkorlikda ishlayotgan jurnalist va blogerlarning xizmatini alohida e’tirof etishdi.

Festivalda O‘zEOAVMA a’zo ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhiga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali topshirildi va “Yangi O‘zbekiston.Yangi nigoh” media dasturini yoritishda faol ishtirok etgan jurnalistlar va blogerlar umumiy qiymati 530 million so‘mlik noutbuklar va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.

K.Ermatova, “Avto radio” bosh muharriri:-“Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturini amalga oshirishda Assosiasiyamizga a’zo radiolar ham faol ishtirok etishmoqda. Biz mustaqil yurtimizning haqiqiy ozod ovoziga aylanib bormoqdamiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan konferensiyada radiolarga o‘rtacha 120 mln. so‘mdan grant berildi. Radiolar uchun reklama bozori biroz oqsayotgan hozirgi paytda bu juda katta yordam bo‘ldi. Biz bunday yordamlarni birinchi marta olayotganimiz yo‘q. Assosiasiyaning asosiy maqsadi milliy media maydonda nodavlat teleradiolar o‘rnini mustahkamlashdan iborat. Bayrma arafasida yana sovg‘alar oldik. Eng muhimi “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi 30 yilligi” esdalik nishoni bilant taqdirlandik. Nodavlat OAV doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganlari uchun hurmatli Prezidentimizdan minnatdormiz va o‘z rahmatimizni aytamiz.

M.Paluanova, “Jaslar” TV bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi:- Ta’kidlash joizki ushbu festivaldan ko‘zlangan maqsad milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, xususan nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 2 iyul kuni assosiasiya a’zolarining navbatdagi yig‘ilishida teleradiokanallarga 1 milliard so‘mlikdan ziyod zarur texnikalar, asbob-uskunalar topshirilgan edi. Bugun esa noutbuklar sovg‘a qilindi. Endi jurnalistlarimiz ishxona yoki uyda bo‘lishidan qat’iy nazar – bemalol ishlashlari mumkin. Bularning barchasi ishimiz samardorligini oshirishga xizmat qiladi, yangi loyihalarni yaratishga ko‘mak beradi. Biz bunday sharoit uchun assosiasiya qatori barcha hamkor va homiy tashkilotlaridan xursandmiz.

N.Asqarov, “Ruxsor” TV bosh direktori, Farg‘ona viloyati: - Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan media materiallar yaratish bugunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Biz o‘z faoliyatimizda har doim Assosiasiyaning har tomonlama ko‘magini his qilib turibmiz. 19 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Konferensiyada O‘zEOAVMAga a’zo barcha teleradio stansiyalariga va veb-saytlar hamda blogerlarga 9 mlrd. 700 mln. so‘mdan ziyod grantlar berilgan edi. Birgina bizning kanalimizga 200 mln. so‘m ajratildi. Bu juda salmoqli va samarli moddiy ko‘mak bo‘ldi. Biz bu mablag‘ hisobiga zarur texnikalar sotib olamiz, studiyalarimizni ta’mirlaymiz. Biz bunday qo‘llab-quvvatlashdan minnatdormiz. Shu yil kasb bayramimizda Prezidentimiz Farmoni bilan ko‘plab hamkasblarimiz, xususan o‘zim davlat mukofotlari bilan taqdirlandik. Shu paytga qadar nodavlat teleradiolar xodimlari bu qadar keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanmagan edi. Hurmatli Prezidentimizning bizga bo‘lgan bunday katta e’tiborlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

D.Mamadaliyeva, “Nasaf” TV boshdirektori, Qashqadaryo viloyati: - 2021 yilning aprel oyida O‘zEOAVMA tomonidan qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi 60 ta yirik loyihani jamlagan bo‘lib, ular orasida Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan, islohotlar mohiyatini ochib beruvchi, mamlakatimiz yangi qiyofasini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan media mahsulotlar tayyorlash hamda nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ularda faoliyat ko‘rsayotgan ijodiy va texnik xodimlar malakasini oshirish singari masalalarga alohida o‘rin ajratilgan. Biz bu vazifalarni amalga oshirishda Assosiasiya bilan qalin hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Mazkur media dastur doirasida shu yil hisobidan uchinchi marta moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tadbiri amalga oshirildi. Mana bugun ham 104 nafar jurnalist va blogerlar taqdirlandi. Bugungi festivalda tilga olinganidek dastur doirasida hozirgacha 11 mlrd. so‘mlik moliyaviy va moddiy ko‘mak berildi. Biz bunday yordam uchun Assosiasiya va Parlament komissiyasiga rahmat aytamiz.

"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)"Ozod yurt to‘lqinlari-2021" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi (FOTO)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!