Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga keladi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga keladi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15 aprel, payshanba kuni O‘zbekistonning Bakudagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ma’lum qildi, deb yozmoqda qalampir.uz.

“Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Hozirda hujjatlar to‘plamini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti va mazmunli ishlash uchun ikki-uch yillik ish rejasi ishlab chiqilmoqda”, deydi Ashrafxanov Kaspiy energetika klubi tomonidan tashkil etilgan biznes-forumda.

Diplomat shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekiston tomonlarining hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha barcha takliflari “yo‘l xaritasi”ga kiritilishini ta’kidlagan, lekin tashrifning aniq sanasini ochiqlamagan.

Qolaversa, Ashrafxanov Ozarbayjon kompaniyalarini O‘zbekistonda joriy yilning 18-20 may kunlari bo‘lib o‘tadigan 24-xalqaro neft va gaz ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.

Qoldirilgan tashrif

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 15-16 aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat vise-prezidenti – Birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejelashtirilgandi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekistonga tashrif keyinga qoldirildi. Prezident Ilhom Aliyev tashrif epidemiologik vaziyat imkon bergan zahoti amalga oshishini ta’kidlagandi.

Shuningdek, o‘tgan yilning aprel oyida Toshkent shahri Mirobod tumani Temiryo‘lchilar ko‘chasida ozar xalqining umummilliy lideri, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi Prezidenti Haydar Aliyev nomidagi umumiy maydoni 0,51 gektar bo‘lgan bog‘ barpo etilayotgani xabar qilingan. Bog‘ni ikki davlat Prezidentlari ochib berishi rejalashtirilgandi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoyev Aliyevni O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 26 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda “Yil odami” deya e’tirof etildi.

Bu Ilhom Aliyevning oxirgi 10 yillikda O‘zbekistonga amalga oshirayotgan ilk tashrifi hisoblanadi. Aliyev oxirgi marta O‘zbekistonga 2010 yil 27 sentyabrda tashrif buyurgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!