Osvensim o‘lim lagerida 100 dan ziyod o‘zbekistonlik saqlangan — tadqiqot

Osvensim o‘lim lagerida 100 dan ziyod o‘zbekistonlik saqlangan — tadqiqot

Aushvis-Birkenau (Osvensim) nemis konslager va o‘lim lagerlari majmuasida 100 nafardan ziyod o‘zbekistonliklar saqlangan, deyiladi Polshada o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida.

Polshadagi Aushvis-Birkenau (Osvensim) nemis konslager va o‘lim lagerlari majmuasida saqlangan o‘zbekistonliklarni aniqlashga qaratilgan tadqiqotning birinchi va eng muhim bosqichi yakuniga yetdi. Bu haqda «Dunyo» agentligi O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasiga tayanib xabar qildi.

1940−1945 yillarda lager hududiy jihatdan nemislarning Yuqori Sileziya (hozirda Polsha hududida, Krakov shahri g‘arbida) joylashgan.

Tadqiqotning oraliq natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 100 nafardan ko‘proqni tashkil etgan. Ular lagerga asosan 1941−1942 yillarda tushishgan.

«Bugun Aushvis-Birkenauda turli sabablardan — ochlik, o‘pka, yurak va oshqozon kasalliklari, sovuqdan vafot etgan 22 nafar o‘zbek mahbusi haqida ma’lum bo‘ldi…» — deyiladi xabarda.

Ular to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar shakllantirildi. Tadqiqot 5 yil davomida ikki davlat diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, «Aushwitz-Birkenau Fondation» fondi rahbariyati, Navoiy viloyati hokimligi bilan hamkorlikda olib borildi. Loyiha mazkur hududdan bo‘lgan entuziastlar tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, polyak istoriograflari va guvohlar ko‘magida amalga oshirildi.

«Dunyo» ma’lumotlariga ko‘ra, Aushvis-Birkenau mahbuslarining qarindoshlarini aniqlash bo‘yicha ham ishlar olib borildi. Navoiy viloyatida o‘lim lagerining 22 nafar mahbusidan ikki nafarining qarindoshlari va avlodlari topildi.

«Otalari va bobolari taqdiri haqida xabardor bo‘lish ham quvonchli, ham qayg‘uli hodisa bo‘ldi. Oilalar uzoq yillar o‘z bobolarini izlashgani, biroq natijasi bo‘lmaganini ma’lum qildi. Mahalliy qabristonlarda ularning ramziy qabrlarini o‘rnatishga qaror qilindi», — deya qayd etdi agentlik.

Ikki davlat elchixonalari ayni vaqtda 2021 yilning oktyabrida O‘zbekistonga 60 nafarga yaqin polyak ekspertlari, Polsha Xalq xotirasi instituti tarixchi va tadqiqotchilarining tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida ular ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!