Oshqozon yarasiga chalingan bemorlar qanday taomlanadi?

Oshqozon yarasiga chalingan bemorlar qanday taomlanadi?



Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim G‘ulomov javob berdi.

— Oshqozon yarasining oldini olish uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak, — deydi shifokor. — Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, chekmaslik va spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik talab etiladi.

Konservativ muolajani imkon qadar barvaqt boshlash lozim. Bu paytda bemor jismonan va ruhan dam olishi, kasallikning tinch davrida ham kun tartibi hamda parhezga amal qilishi zarur.

Shuni aytish kerakki, parhez tutgan bemorlar davolashda juda yaxshi natijalarga erishadi. Buning uchun bir kunda 5-6 marta oz-ozdan ovqatlanish, o‘tkir, tuzlangan, konservalangan va dudlangan taomlardan voz kechish kerak.

Qolaversa, qo‘y va mol yog‘i, o‘tkir masalliqlar (gorchisa, xren, piyoz, sirka), shuningdek shira haydaydigan taomlar (go‘sht va baliq sho‘rvalar, qovurilgan taomlar)ni istisno qilish maqsadga muvofiq. Dastlabki 1-2 haftada sut, kisel, doni ezib pishirilgan sho‘rvalar, ilitilgan tuxum tanavul qilgan ma’qul.

Suyuq ovqatlar sutkasiga 5-6 martadan oz-oz iste’mol qilinadi. Bemorning ahvoli yaxshilanib borgach, taomnomaga sutda pishirilgan bo‘tqa, yumshoq go‘sht, baliq qiyma va bug‘da pishirilgan taomlar qo‘shiladi.

4-5 haftadan so‘ng oq non, yog‘siz go‘sht va baliqdan pishirilgan taomlar, qatiq, smetana, tvorog va bo‘tqalar iste’mol qilish mumkin. Yara bitgandan keyin ham parhezga amal qilish shart. Bu esa kasallik qaytalanishining oldini oladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!