Oshiq qiyofasidagi qallob: Jizzaxdagi "ishq o‘yinlari" fojiali yakun topdi

Oshiq qiyofasidagi qallob: Jizzaxdagi "ishq o‘yinlari" fojiali yakun topdi

Yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Bek taksi» mas’uliyati cheklangan jamiyat haydovchisi S. Ravshanqulov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zining shirin so‘zi, atrofdagilarga yaxshi muomalasi bilan jamoada e’tibor qozondi.

Xizmat taqozosi tufayli S. Ravshanqulov korxona operator-dispetcheri Farzona Po‘­latjonova bilan har kuni telefon orqali bog‘lanib turardi.

Hazilkash, hozirjavob bu yi­gitga nisbatan qizning ko‘ng­lida ham iliqlik uyg‘ongandi.

Bora-bora Sultonali bo‘sh paytlarida Farzona o‘tiradigan xonaga emin-erkin kiradigan, u bilan uzoq suhbat quradigan bo‘ldi. Qiz ham bunga e’tiroz bildirmadi. Aksincha, ularning munosabati yanayam qalinlashdi.

— Xarajatlarim ko‘payib ketib, tanishlarimdan qarz bo‘­lib qoldim, — dedi S. Ravshanqulov bir gal F. Po‘latjonova bilan uchrashuvga chiqqanida kuyinib. — Ustiga-ustak, otamning ko‘zini davolatishga ham pul zarur bo‘lib turibdi.

Yaqin vaqtlar ichida to‘y o‘tkazishga va’dalashgani bois qiz xushtorining moddiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolganiga achindi.

— Menga yordaming, — deya gapida davom etdi S. Ravshanqulov. — Bankdan sening nomingga kredit olsak. Uni foizi bilan oyma-oy o‘zim to‘lab berardim.

Bu taklifga rozi bo‘lgan Farzona o‘zining fuqarolik pasporti nusxasini S. Ravshanqulovga beradi. S. Ravshanqulov shu kunning o‘zidayoq F. Po‘latjonovaning nomiga kredit mablag‘i olish uchun hujjatlarni tayyorlashga kirishadi. Bir necha kundan so‘ng u korxonaga ke­lib, avtomashinasida F. Po‘latjonovani «Mikrokreditbank»ning filialiga olib boradi va hujjatlarga imzo qo‘ydiradi.

Bankdan F. Po‘latjonova nomiga asalarichilik xo‘jaligi tashkil etish uchun 33 million so‘m kredit mablag‘i ajratilayotgan ekan. Hujjatlar to‘liq, kam-ko‘stsiz bo‘lishi uchun F. Po‘latjonova asalari qutilari yonida suratga tushishi kerak ekan. Shu bois S. Ravshan­qulov uni tumandagi «Navro‘z» mahallasiga olib boradi. Farzona yo‘l chetidagi bedapoya ichida turgan Jo‘raqul boboning asalari qutilari yonida suratga tushadi.

— Endi oxirgi ishimiz qoldi, — deydi oradan ikki kun o‘tib Farzonaning huzuriga kelgan S. Ravshanqulov. — Asalari sotib olganlik to‘g‘risida rasmiyatchilik uchun ta’minotchiga tilxat yozib berishing kerak.

Xuddi shu maqsadda S. Ravshanqulov qizni o‘zining sinfdoshi Bekzodning otasi Qurbon Amirqulovning tuman markazidagi do‘koniga olib boradi.

Qurbon bobo Farzonaga yuk xati va yana allaqanday qog‘ozlarni berib, ko‘rsatgan o‘rinlarga imzo qo‘ydiradi. Lekin do‘kon atrofida asalari qutilari ko‘­rinmasdi. Farzona angladiki, Qurbon bobo asalari beradigan ta’minotchi ekan.

Ertasiga S. Ravshanqulov kechga tomon Farzonaning oldiga mamnun holda kelib, kredit olganini aytadi.

Kunlar shu zaylda bir-birini quvlab o‘tayotgandi. Bir kuni bank filiali xodimi F. Po‘latjonovaga qo‘ng‘iroq qilib, ajratilgan kredit mablag‘idan maqsadli foydalanilayotganini bilish maqsadida monitoring o‘tkazish rejalashtirilganini aytadi. Qiz bundan tezda S. Ravshanqulovni xabardor qiladi.

Qisqasi, S. Ravshanqulov bank xodimlari hamda Farzonani olib, Jo‘raqul boboning asalari qutilarini ko‘rsatib, suratga tushilgan «Navro‘z» mahallasiga olib boradi.

O‘shanda suratga tushganda qator tizilib turgan asalari qutilari joyida yo‘q edi. Farzona Sultonali nega bu yerga olib kelgani, nima deb javob qaytarishiga hayron edi. Ammo Sulton­ali asalarilar Baxmal tumaniga olib ketilganini ta’kidlab, suvdan quruq chiqadi.

Bank kreditidan gap ochilganida Sultonali to‘lovlarni oyma-oy amalga oshirib borayotganini aytgandi, Farzona sevgan yigitining hojatini chiqarganidan xursand edi. Ammo bu quvonch uzoq cho‘zilmadi. Kredit mablag‘i olinganiga olti oy deganda, bank filiali xodimi Farzonadan kredit mablag‘iga hisoblangan oylik foiz va asosiy qarz to‘lovini to‘lashni talab qiladi.

Tabiiyki, Farzona bu gapni Sulton­aliga yetkazdi-yu, xuddi qahraton qish chillasida ustidan bir chelak muzdek suv quyib yuborilgan odam holiga tushadi. «Men bankdan hech qanday kredit mablag‘i olmaganman, — deydi u. — Kim olgan bo‘lsa, o‘sha to‘lasin!».

Qiz avvaliga bu Sultonalining nav­batdagi hazili degan xayolga boradi.

Qarasaki, ha­zil emas, chinga o‘xshaydi, jiddiy gapiryapti, kredit mablag‘i olganidan tonyapti.

Farzonaning ko‘ngil xuftonligi va tushkun kayfiyati uydagilarga ham ko‘chdi. Azbaroyi yo‘q joydan paydo bo‘l­gan tashvishdan qizini qutqarish uchun ota-ona ham o‘rtaga tushdi. Shunda S. Ravshanqulov «bank kredit mablag‘ini qi­zingizning o‘zi olgan, ishonmasalaring Bekzoddan so‘ranglar, uning otasi Qurbon bobo taqdim etgan hujjatlarga Farzona imzo qo‘ygan» deyishdan ham uyalmaydi.

Bekzod bank krediti hujjatlari Farzonaning nomiga rasmiylashtirilgani, ammo pulni S. Ravshanqulov olganini ma’lum qiladi.

Aslida oshiq qiyofasidagi qallob S. Ravshanqulov F. Po‘latjonovani aldab, uning nomiga bank muassasasidan ancha miqdorda kredit mablag‘i olib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgandi.

Bu yog‘ini so‘rasangiz, Sultonali firibgarligi yetmagandek, talonchilik jinoyatiga ham qo‘l uradi. U tilla buyumlar oldi-sottisi bilan shug‘ullanuvchi Zilola ismli ayolni uyiga olib borish uchun avtomashinasiga o‘tqazadi.

Zilola o‘sha kuni Jizzax shahridagi o‘ziga tanish savdogardan 10 gramm­lik erkaklar tilla zanjirini besh million so‘mga sotib olib, bo‘ynida taqib kelayotgandi.

Yo‘lda keta turib, ayolning bo‘ynida taqib kelayotgan tilla zanjirni ko‘rgan Sultonali unga qiziqib qoladi. Sultonali «menga ham yoqdi, uylansam xuddi shu zanjirdan olaman» deydi va «taqib ko‘rsam maylimi?» — deya so‘raydi.

Ayol tilla zanjirni bo‘ynidan yechib, Sultonaliga beradi. Bu paytda Zilola manziliga yetib borgan, mashinadan sumkalarini tushirayotgandi, shu zahotiyoq Sultonali mashinasini haydab yuboradi. Zilola tilla zanjirni tashlab ketishini aytib, orqadan hay-haylaganicha qolaveradi.

Uyiga yuklarini olib kirgan Zilola S. Ravshanqulovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qiladi. Narigi tomondan ja­vob bo‘lmaydi. «Hazillashyapti, qaytarib beradi» ko‘nglidan kechiradi ayol. Tanishligi sabab u ichki ishlar idorasiga bu haqda xabar bermaydi.

Shu kuni kech soat yigirma ikkilarda S. Ravshanqulov Zilolaning uyiga kelib, kechirim so‘raydi. U tilla zanjirni sotib, pulini qarzlariga bergani ma’lum qilib, Zilolaga bir million so‘m pulni tutqazadi va qolgan pulni bir-ikki kunda to‘liq qaytarib berishini ta’kidlaydi.

Ammo oradan oylar o‘tsa-da, tilla zanjirning puli qaytmaydi. Shunday kunlarning birida Zilola ko‘chada tasodifan S. Ravshanqulovga duch kelib qo­ladi va pulni berishni so‘raydi. Shunda Sultonali fuqarolik pasportini garov sifatida Zilolaga beradi va tez orada pulni berishini aytadi.

Ammo Sultonali Zilolani yana aldagan edi. Oxiri toqati-toq bo‘lgan Z. Urdusheva ichki ishlar bo‘limiga murojaat etganda hammasi firibgar allaqachon o‘ziga yangi fuqarolik pasporti olib olgani ayon bo‘ladi.

Bundan tashqari Sultonali Rashida ismli tanish qizning narxi 1 million 800 ming so‘mlik, sinfdoshi Salimaning 1 million 400 ming so‘mlik telefon apparatini ochiqdan-ochiq talonchilik yo‘li bilan olib qo‘yib, ularni sotib, pulini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

Oshiq qiyofasidagi qallob va talonchiga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov mobaynida jinoiy qilmishlari to‘liq isbotini topdi. Birinchi bosqich­ sudi S. Ravshanqulovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi va 166-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topib, un­ga besh yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar ham undiriladigan bo‘ldi.

Ammo bundan norozi bo‘lgan S. Ravshanqulov apellyasiya tartibida shikoyat arizasini yozdi.

Yaqinda Jizzax viloyati sudi jinoyat­ ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining ochiq sud majlisida ushbu apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Sudlov hay’ati birinchi bosqich sudining hukmini o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish haqi­da ajrim chiqardi.

Birovning haqi hech qachon o‘zgaga buyurmaydi. Bu — isbot talab qilmaydigan hayot haqi­qati. Uni inkor qilish, e’tiborga olmaslik hamisha ayanchli yakun topadi.

Shuhrat XUDOYOROV,

Jizzax viloyati sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!