Oramizdagi odamlar: IBRATLI OILA

Oramizdagi odamlar: IBRATLI OILA

Andijon viloyati, Bo‘ston tumanining Yangiobod mahallasida ibratli oilalar talaygina. Ana shunday ibratli oilalardan biri Abdurashid hoji ota Davidovlar oilasi hisoblanadi. Abdurashid ota ayoli Oftobxon aya bilan turmush qurishganlariga bu yil 36 yil to‘ladi. Shundan beri ahil-inoq bo‘lib yashab keladilar. Ularning bir-birlariga bo‘lgan mehr-oqibati, hurmat-e’tiborlari kabi odamiylik hislatlari farzandlariga ham o‘tgan. Bunga mahalladagilar ham havas bilan qaraydilar.

Abdurashid hoji ota yigitlik davrlari mehnatda o‘tdi. Uzoq yillar o‘ziga biriktirilgan fermer xo‘jaligini boshqarib, samarali faoliyat yuritdi. Fermer xo‘jaligini boshqarish, ish yuritish ko‘nikmalarini farzandlariga ham o‘rgatdi. Xonadon sohibasi Oftobxon hoji aya esa shu mahalladagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritdi. Qishloq yoshlarini ilm-ma’rifatga oshno etdi. Ustoz pedagog bo‘lib, holol mehnat qildi. Abdurashid ota va Oftobxon aya davlat ishlaridan oshinib, farzandlari tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratdilar. To‘rt farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazib, kasbu-korli, uyli-joyli qildilar. Mana, farzandlari Doniyorbek, Nargizaxon, Diyorbek, Dilyorbeklar o‘sib-ulg‘ayib, ota—onalari kabi mehnatkash, diyonatli insonlar bo‘lib kamol topishdi. Doniyorbek “Vatanparvar” tashkilotining Bo‘ston tumanidagi o‘quv sport texnika klubi rahbari o‘rinbosari, Nargizaxon mazkur tumandagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi, Diyorbek “Diyorbek Dilyorbek” nomli fermer xo‘jaligini, Dilyorbek esa “Nahotki” nomli fermer xo‘jaligini boshqarmoqdalar. Ayni paytda “Diyorbek Dilyorbek” fermer xo‘jaligi Bo‘ston tuman miqyosida ilg‘or xo‘jaliklaridan sanaladi. Mazkur xo‘jalikning jami dala maydoni 219,3 gektar bo‘lib, shundan 80,7 gektarga paxta ekilgan, qolgan 129,9 gektar maydonida bug‘doy yetishtirilmoqda. Bundan tashqari xo‘jalikda 100 bosh zotli-nasldor qora mol, 400 bosh qo‘y chorva fermasi tashkil etilgan. Fermer xo‘jaligining chorvachilik tarmog‘ida parvarishlanayotgan chorvani uzluksiz yem xashak bilan ta’minlash maqsadida 9 gektarlik maydon chorva ozuqasini yetishtirish uchun ajratilan. Qolaversa, bu yerda uzumchilik va parrandachilik tarmoqlari ham tashkil etilgan bo‘lib, fermer xo‘jaligi dala shiyponida tashkil etilgan issiqxonada yetishtirilayotgan turli rezavor mahsulotlar esa ishchilar issiq ovqatini yanada mazzali bo‘lishini ta’minlamoqda. Ayniqsa, xo‘jalikning dala shiyponida yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, dam olish xonasi, oshxona, yuvinish xonalari kabi qulayliklar bu yerda mehnat qilayotgan a’zolarni yangi marralar sari ruhlantiryapti. O‘z o‘rnida Abdurashid ota va Oftobxon ayalar ota ona sifatida farzandlarining fermer xo‘jaligida olib borayotgan ish faoliyatlarini nazorat qilib boradilar.

Aka uka Diyorbek va Dilyorbeklar ota onasidan o‘tgan odamiylik fazilatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Ular birgalikda xayrli va savobli ishlarda doimo tashabbus ko‘rsatadilar. Mahalladoshlari uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga harakat qiladilar. Ular o‘zlari istiqomat qilayotgan Yangiobod mahallasi uchun yangi elektr transformator o‘rnatib berishdi va bu orqali minglab xonadonlarga ziyo ulashdilar. Bundan tashqari mazkur mahalladagi ichki yo‘llarni shag‘allab berilganliklari, mahalla markaziga “Madniyat markazi” qurilishi uchun o‘z hisoblaridan mablag‘ ajratib berganliklari ham ularning yuksak odamiylik fazilatidan dalolat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ana shunday, bugun yo‘lingiz tushib Abdurashid ota va Oftobxon ayalar xonadonida bo‘lsangiz bahri dilingiz yayraydi. Chunki xonadon tomorqasi mo‘’jazgina boqqa aylantirilgan. Farzandlari, nabiralari ardog‘ida, e’zozidagi bu ikki mehnat faxriysi hamon tetik va bardam. Ular xonadon tomorqasida, mo‘jazgina bog‘da asosiy vaqtini o‘tkazadilar. Uning ostida yetishtirilgan turli sabzavotlar esa nabiralarning quvonchi.

-Bir lahza bo‘lsa-da tinch o‘tirolmayman, -deydi Abdurashid ota. –Boisi hayot doim harakatdan iborat deyishganidek, to‘xtagan onim zerikib qolaman. Turmush o‘rtog‘im Oftobxon bilan xonadonimiz hamda el dasturxonini to‘kin qilishga boholiqudrat hissa qo‘shyapmiz. Chunki, tomorqadagi xosilning ehtiyojdan ortig‘i bozorga chiqadi-da. Buning yana bir yaxshi tomoni bor. Hozirdanoq yonimizga kirgan nabiralarimiz Muhammadjon, Omonullo, Mirziyo, Mustafo, Muhammadyahyolar biz kabi dehqonchilikka, mehnatga mehr qo‘yishyapti. Bu ularning kelajagiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mehnatdan baxt topgan bu faxriylar nafaqat xonadondagilar, balki mahalla ardog‘ida. Chunki, ularning mazmunli o‘tgan umr yo‘llari hammamizga ibrat maktabidir.

Ilhomjon TOJIBOYEV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!