Ommaviy qabul: firibgarlik holatlari yil sayin ko‘paymoqda

Ommaviy qabul: firibgarlik holatlari yil sayin ko‘paymoqda

Haqiqatning yuzi yorug‘, qo‘li uzun bo‘lsa, adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Asrlar sinovidan o‘tgan bu qoyim haqiqatlar Prezident Xalq qabulxonalarining Samarqand shahri, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan ommaviy qabullarida atroflicha o‘rganilib, qonuniy hal etilgan murojaatlarda ham o‘z ifodasini topdi.

Uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda Oliy sud mas’ullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 825 ta masalani ko‘rib chiqdi, ularning 394 tasijoyida hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahar, Samarqand, Pastdarg‘om, Ishtixon, Oqdaryo, Payariq, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi, Bulung‘ur va Toyloq tuman sudlarida 121 nafar shaxsning ishlari ko‘rib chiqilib, ularning barchasi o‘talmay qolgan jazodan muddatidan oldin shartli ozod etildi.

Bir misol – tayloqlik Eldor Bahronov 2017 yil kuzida Turkiyaga ishlashga ketadi. Unga chet elga chiqish uchun 2019 yil 31 iyul kuniga qadar ruxsatnoma-stiker berilgan bo‘lsa-da, bu yigit 2020 yil 13 martga qadar Istanbulda qolib ketadi. Kamiga bu orada unga Turkiyada vaqtinchalik bo‘lish huquqini beruvchi hujjat muddati ham 2019 yil 30 noyabrda tugaydi. Bu muddatni yana uzaytirish uchun esa Eldor Turkiya chegarasidan bir chiqib qayta kirishi, lekin buning uchun avvalo mamlakatimizga kelib chet elga chiqish uchun ruxsatnoma-stikerini yangilashi lozim edi. Eldor esa bu tartibga rioya qilmay, 2019 yil 1 dekabr kuni Ozarbayjonning Boku shahriga borib, aeroportning o‘zidan yana Istanbulga qaytib keladi. Ayni shu xato 2020 yil 14 martda Samarqandga qaytgan Eldorga qimmatga tushadi. “Samarqand” xalqaro aeroportida chegara nazorati xodimlari bu qonunbuzarlikni aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtiradi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi 2020 yil 18 avgustda bu ishni ko‘rib chiqib, Eldor Bahronovga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlaydi. Bu yigit 18 oylik jazoning yarmidan ko‘pini tartib-intizom bilan o‘tadi, shu davrda u belgilangan qoidalarga qat’iy amal qildi, qonun chizig‘ini boshqa bosib o‘tmadi. Shu bois ham Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi taqdimnomasi asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudi bu ishni ko‘rib chiqib, Eldor Bahronovni o‘talmay qolgan jazodan shartli ravishda ozod etdi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 27 ta ariza qanoatlantirildi. 93 ta tadbirkorlik sub’ekti yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy qoplagani uchun ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishlar tugatildi, sayyor sud majlislarida 2 ta iqtisodiy ish ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga hal qilindi. Deylik, paxtachilik tadbirkor A’zam Mustafoyev 2018 yilda muqobil mashina traktor parkiga tegishli eski-yu ta’mirtalab binoni ijaraga olib, qariyb 600 million so‘m sarflab ta’mirlaydi, Xitoydan zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar olib keladi. Natijada binoyidek xususiy klinika ish boshlaydi. Lekin orada bu mulkning tuman hokimligi balansiga qaytarilib, kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilganidan tadbirkor bexabar qoladi. 2020 yil 9 oktyabrda Majburiy ijro byurosi bu mulkni elektron auksion savdosiga chiqargach, tadbirkor sarflagan mablag‘ining so‘rovini boshlaydi. A’zam Mustafoyevning ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi kuni kecha bu ishni ko‘rib chiqib, tadbirkorning huquqlarini tikladi: mazkur mulk ijarachining xarajatlari inobatga olinmasdan sotilgani uchun Majburiy ijro byurosi Paxtachi tumani bo‘limining qarori haqiqiy emas, deb topildi. Endi tadbirkor istasa auksionda qatnashib bu mulkni sotib oladi, agar boshqa shaxs bu mulkni xarid qilsa, unda A’zam Mustafoyevga qilgan xarajatlarini qoplab beradi.

Bundan tashqari, aliment undirish bo‘yicha 88 ta sud buyrug‘i chiqarildi, 23 ta murojaat yuzasidan yuridik faktlar belgilandi, 9 ta oila yarashtirildi. Deylik, oqdaryolik Anvarxon Sa’dullayev vafot etgan onasi Munavvar Sa’dullayevaning tug‘ilganlik vaqti bilan bog‘liq yuridik faktni belgilash masalasida murojaat qildi. Bu – meros hujjatlarini rasmiylashtirish uchun zarur. Sud ish hujjatlarini o‘rganib chiqib, guvohlarni tinglab, marhum Munavvar Sa’dullayevaning 1930 yil 15 iyulda Oqdaryo tumani Qozoqxo‘ja qishlog‘ida tug‘ilganlik faktini belgilash bo‘yicha qaror chiqardi.

Muhiddin Bo‘tayev va Salim Karimovning esa dard-u tashvishi bir: ularning ism-familiyasi turli hujjatlarda turfa yozilgan, bu esa pensiya tayinlashda muammo bo‘lmoqda. Sud qarorlari bilanbu ikkita ariza qanoatlantirildi, hujjatlardagi chalkashliklar ham bartaraf qilindi.

Urgutlik Kamoliddin Xo‘jamov avvalgi ommaviy qabulda Oliy sud mas’ullariga oqlov masalasida murojaat qilgan edi. Sababi – 2007-2013 yillarda Urgut tumani Qayroqli qishlog‘ida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan katta leytenant Xo‘jamovning ham boshiga tushgan og‘ir savdo uning taqdirini ters aylantirib yuborgan. 2012 yili oxirlarida bir guruh shaxslar narkotik savdosi bilan qo‘lga olingach, ular tergovda inspektor Kamoliddin Xo‘jamovga bir yil avval pora bergani haqida ko‘rsatma bergan. Shu asosda 2013 yil yanvarda qamoqqa olingan katta leytenant Xo‘jamov 2013 yil 19 fevraldagi sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Daliliy ashyolarsiz, oxirigacha isbotlanmagan ko‘rsatmalar tufayli 20 oydan ziyod qamoqda o‘tirgan bu inson 2014 yil 25 avgustda ozodlikka chiqqan. Ayni paytda “Urgut savdo kompleks” MCHJ huquqshunosi bo‘lib ishlayotgan Kamoliddin Xo‘jamovning murojaati asosida shu yil 26 mayda Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyasiya instansiyasida bu ish qayta ko‘rib chiqildi. Sud majlisida esa 2013 yilgi jabrlanuvchilar o‘sha vaqtda bila turib yolg‘on ko‘rsatma berganini bo‘yniga oldi. Tergov va sud materiallarini o‘rganishlar ham Kamoliddin Xo‘jamovga nisbatan daliliy ashyolarsiz va inkor qilib bo‘lmas dalillarsiz biryoqlama, nohaq hukm chiqarilganini ko‘rsatdi. Shular asosida Kamoliddin Xo‘jamov oqlandi va mana bugun u Oliy sud mas’ullariga odil sudlov uchun rahmat aytish uchun keldi.

Qabullarda 124 ta da’vo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga, 76 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassasiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Urgut tumani “Mergancha” mahallasida istiqomat qilayotgan Zinaida Ibragimova qurilish tashkilotlaridan birini bugun sudga berdi. Sababi – onaxon ipoteka krediti evaziga namunaviy loyihalar asosida qurilgan 2 sotixli hovli sotib olib, kreditni o‘z vaqtida to‘layotgan bo‘lsa-da, uy o‘ta sifatsiz qurilganidan shikoyat qilmoqda. Bu masala sud tartibida ko‘rib chiqilib, qonuniy-adolatli yechim topiladigan bo‘ldi.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi mas’ullariga murojaatlarning ancha qismini firibgarlik holati bo‘yicha shikoyatlar tashkil qilmoqda. Mazkur holat yil sayin ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Ko‘pchilik huquqiy savodi pastligi yo faqat og‘zaki lafz-u kelishuvga ishongani tufayli chuv tushib qolganidan yozg‘irmoqda. Deylik, pastdarg‘omlik Zarifa Rashidova uy-joy olish uchun xorijda ishlab topgan pullarini tanishiga yuborganini, tanish ayol esa uyni o‘z nomiga rasmiylashtirib olganidan arz qilgach, Pastdarg‘om tuman prokuraturasi bu holat bo‘yicha tekshiruv boshladi. Samarqandlik Sirojiddin Usmonovning savdo do‘koni qurish uchun 280 million so‘mga xarid qilgan yer maydoni, Lenora Keshalovaning uy oldi-sotdi shartnomasi qalbakilashtirilgani, narpaylik Zamira Rustamovaning bankdan olgan 100 milion so‘m kreditini firibgarlar o‘ljasiga aylangani haqidagi shikoyatlarini o‘rganib chiqib, qonuniy-adolatli hal qilish bo‘yicha viloyat prokuraturasiga aniq muddatli topshiriq berildi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullariga samarqandlik Gulnora Nasimova xususiy firmalardan biri qizi va kuyovini Koreya davlatiga, pastdarg‘omlik Aslam Xalilov, Elyor Turdiyev va Jasur Muhammadiyev esa o‘z hamqishlog‘i ularni xorijiy davlatga ishga jo‘nataman deb pul olib aldab ketganidan shikoyat qildi. Ikki holat bo‘yicha ham tekshiruv ishlari boshlandi.

Urgutlik Feruza Shodiyeva o‘tgan galgi qabullarda hovli-joyini kadastr qilish, ishga joylashish, oilaviy bog‘cha ochish masalalarida murojaat qilgan edi. Qisqa vaqtda uch masala ham hal qilindi: bu ayol ayni paytda maktabda ishlamoqda, hovlisining hujjatlarini qo‘liga oldi va oilaviy bog‘cha tashkil qildi. Bugun Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasi nazoratida uchta muammosi hal bo‘lgani uchun rahmat aytish uchun qabulga kelgan Feruza Shodiyeva yana bir quvonchli xabar bilan iziga qaytmoqda – unga oilaviy bog‘chasini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ham beriladigan bo‘ldi.

Albatta, bunday misollar juda ko‘p. Sababi – ommaviy qabuldagi barcha murojaat Prezident virtual qabulxonasi tizimida ro‘yxatga olinib, ijrosi qat’iy nazorat qilinadi va shuning uchun ham muloqotlar osha takroriy murojaatlar soni ham kamayib bormoqda.

Umumlashrib aytganda, Samarqand viloyatida sud-huquq sohasi bo‘yicha tashkil qilingan uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda 1 ming 609 ta masala ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 466 tasi joyida hal qilindi, 363 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat, 195 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 585 ta murojaat esa nazoratga olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!