Oliy Majlisning mudroq bosayotgan deputatlari kimlar?..

Oliy Majlisning mudroq bosayotgan deputatlari kimlar?..

Yoxud ijtimoiy tarmoqda o‘quvchilarga ega bo‘lmagan deputatlar saylovlarda shuncha odamning ishonchini qanday olgan ekan?

Bugun Oliy Majlis deputatlaridan faqatgina parlament devorlari ortida emas, balki ijtimoiy tarmoqlarda ham faol bo‘lish so‘ralmoqda. Aslida-ku ularni parlament ichida ham faol bo‘lganlarini kuzatayotganimiz yo‘q. Rasul Kusherbayev, Alisher Qodirov, Doniyor G‘aniyevdan boshqa Qonunchilik palatasi vakillarini saylovchilar ko‘p ham bilavermaydi.

Rasul Kusherbayev jonkuyarlik, xalq dardiga hamrohligi bilan mashhur bo‘lsa, Alisher Qodirovning postlari doim qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Doniyor G‘aniyev esa jamoatchilik e’tiboridagi masalaga asosli faktlar bilan munosabat bildirishi bilan ajralib turadi.

Afsuski, boshqa xalq vakillari ochiq, o‘tkir fikr-mulohazalari bilan bo‘lishishga cho‘chib turishadi. Hozirda Rasul Kusherbayev telegramida 44,9 ming, Doniyor G‘aniyevda 5 mingga yaqin Alisher Qodirovda esa 3 ming nafardan ziyod kuzatuvchisi bor. Boshqa, ayniqsa feysbuk tarmog‘ida bu deputatlar postlari minglab o‘quvchilarning bahs-munozaralariga sabab bo‘ladi.

Qonunchilik palatasining ayol vakilalari esa nima uchundir kuzatuvchilarni ko‘paytirishda faol emas.

Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi Maxfurat Xushvaqtova. 2020 yil 28 aprelda ochilgan telegram kanalining 158 ta a’zosi bor. Unda qo‘yilayotgan fikrlar doimiy ravishda rasmiy xabarlar, Muborak tumanida esayotgan shamoldan iborat bo‘lib qolmoqda. Maxfurat Xushvaqtova ba’zida ob-havo ma’lumotlarini qo‘yib borishga ham qiziqib turadi hamda ommaviy axborot vositalari materiallarini ham bo‘lishib turadi. Ammo, kanalda Maxfurat Jabborovaning shaxsiy fikr va mulohazalarini uchratmaysiz. Deputatning odamlari kam bo‘lishiga qaramay reklama ma’lumotlarini ham berib boradi. Shuningdek, u boshqa partiya vakillarining qarashlarini ham faol “reklama” qilib borishni kanda qilmaydi.

Bu o‘rinda “Adolat” partiyasi vakili Xushvaqtova boshqa partiya faoli Kusherbayev va Doniyor G‘aniyevlarning mulohazalarini faol targ‘ib qilib, partiyaviy hamjihatlik tamoyillarini ham buzadi. Avvalo, bu deputatning rasmiy kanalimi, degan savol tug‘iladi.

Bir marotaba o‘tgan yili 11 aprelda o‘zi saylangan okrug saylovchilariga pandemiya sharoitida uyda qolish va zarur chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan Murojaati e’lon qilingan. 7 iyulda “Adolat” gazetasida chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini qanday hal etish mumkinligi haqida tahliliy maqola rasmga olib qo‘yilgan xolos.

29 avgustda esa davlat mustaqilligiga bag‘ishlangan maqolada tadbirkorlik faoliyati, soliq qonunchilik va imtiyozlar xususida so‘z boradi. 11 oktyabrdagi maqolada esa Xotin-qizlarga Oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirishga 4 foizli imtiyozning Qashqadaryo viloyatida misolidagi ahamiyati, 12 oktyabrda esa Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar va kasaba uyushmalaridan iborati ishchi guruhining paxta dalasidagi terimchilar bilan uchrashuvlari haqida postlari bor. 18 noyabrda deputatning telegramdagi faoliyati davrida yagona tahliliy materiali – davlat byudjet ijrosi fraksiya va partiya pozisiyasidan kelib chiqqan holda tahlil etiladi. 8 dekabrda deputatning parliament.gov.uz, adolat.uz da chop etilgan maqolalari havola etiladi. Bir so‘z bilan aytganda Oliy Majlis deputati Xushvaqtovaning telegram kanali adadi kundan kunga g‘ariblashib borayotgan Respublika gazeta sahifalarini eslatadi.

Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” partiyasining yana bir a’zosi Dilrabo Jurabekovna ham 20 iyulda telegram kanal ochgan va hozirda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi sanaladi. U atigi 127 nafar a’zoga ega va uning kanali nihoyatda sust yuritiladi. Asosan boshqa kanallar ma’lumotlarini faol bo‘lishib turadi.

29 iyunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sayti – parliament.gov.uz da e’lon qilingan inson huquqlarini ta’minlashda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga doir hamda 28 iyulda xuddi shu resursda e’lon qilingan va ilm-fanning qishloq xo‘jaligiga aylanishi mavzuidagi maqoladan tashqari deyarli hech narsa yo‘q.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi a’zosi bo‘lgan Qizilgul Qosimova Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi. Atigi 80 nafar a’zosi bo‘lgan kanalni 3 yanvardagina ochgan. “O‘zbekiston 24” kanalida 6 yanvarda berilgan Prezident Murojaatnomasiga munosabat-intervyudan boshqa tayinli materialning o‘zi yo‘q. Nazarimizda Qizilgul Qosimova “O‘zbekiston 24” kanaliga bergan intervyusini saqlab qo‘yish uchungina kanal ochib qo‘ygan ko‘rinadi. Chunki, uning keyingi postlari deyarli ahamiyatsiz va tushunarsiz.

Baxitbay Aldamuratov Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining fraksiyasi a’zosi o‘z kanalini 24 noyabrda ochgan va hozirgacha bor yo‘g‘i 7 ta a’zosi bor.

Asosan kruz.uz, kun.uz, uzlidep.uz saytlaridan ilovalar beriladi. Yanvar oyidan bir oz faollik seziladi-yu, biroq foydalanuvchilarning o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi.

Ming afsuski, Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a’zosi, Ilhom Abdullayevning telegram kanalini topa olmadik. Vaholanki, ko‘p yillik deputatlik tajribasiga ega, siyosiy fanlar nomzodi o‘zi tashabbuskor va bosh-qosh bo‘lishi kerak emasmi? Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosining o‘zining ijtimoiy tarmoqda axborot berishdan qochishi, temirchi taqaga, bo‘zchi belboqqa yolchimagandek ish emasmi?..

Qonunchilik palatasi deputatlarining balki tarmoq yuritishdan ko‘ra boshqa muhimroq ishlari ko‘pdir. Lekin, bugungi kunda deputatlarning saylovchilar bilan interaktiv munosabat o‘rnatib turishida ijtimoiy tarmoqda kanal yuritish optimal yechimlardan biri bo‘lib qolmoqda. Saylovchilar ovozini yiqqan deputatlar bir kichik blogerchalik ham bo‘la olmaydimi? Deputatlar o‘z partiyasi pozisiyasini, g‘oyalarini targ‘ib qila olmay Rasul Kusherbayevning postlari bilan cheklanib qolishlari ham achinarli ahvol. Odamlar orasidan xalq vakili bo‘lib, ovoz to‘plab ajralib chiqqan odamning atrofdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga nisbatan o‘z qarashlari ham bo‘lishi kerak emasmi?

Qonunchilik palatasi vakillarining o‘z ovozi, mulohazasi bo‘lmasa ular parlamentdagi kurslarini band qilib o‘tirishlaridan foyda nima? Ijtimoiy tarmoqdagi mulohaza-ku mayli, aksariyat deputatlarga mikrofon tutilganda ham tayinli bir gap ayta olishmaydi. Bugun, Parlamentning aksariyat deputatlari axborot maydonini o‘ta sub’ektiv fikrlarga suyanadigan blogerlarga bo‘shatib kelmoqda.

Manba: Rost24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!