Ogoh bo‘ling! Ayolni e’tiborsiz qoldirish...

Ogoh bo‘ling! Ayolni e’tiborsiz qoldirish...

Bismillahir Rohmanir Rohim. Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo‘qotgan ba’zi kishilar jiddiy bir sababsiz o‘z ayollarni nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog‘ini berib yo‘lini ochadi. Bu bilan er Alloh taoloning bir qancha (oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi) katta ne’matlariga noshukrlik qilgan bo‘ladi.

Ba’zilari esa nomardlarcha ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog‘ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po‘pisa qiladi. Bu yetmagandek, aslida o‘zining zimmasida bo‘lgan – bolalarning nafaqasini ham xotinning bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Natijada ayol na erli bo‘lmay, na eridan ajrasha olmay, yillab sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo‘lmoqda. Shuni ta’kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo‘lga kirsa, zinoga qo‘l ursa, u bilan birga nomard er ham teppa-teng gunohkor bo‘ladi.

Bu mavzuda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

وَلَنْ تَسْتَطِيعُوا أَنْ تَعْدِلُوا بَيْنَ النِّسَاءِ وَلَوْ حَرَصْتُمْ فَلَا تَمِيلُوا كُلَّ الْمَيْلِ فَتَذَرُوهَا كَالْمُعَلَّقَةِ وَإِنْ تُصْلِحُوا وَتَتَّقُوا فَإِنَّ اللَّهَ كَانَ غَفُورًا رَحِيمًا

ya’ni: “Har qancha istasangiz ham xotinlaringiz o‘rtasida adolatli (hammasiga bir xil munosabatda) bo‘la olmaysiz. Bas, (biriga) butunlay berilib ketib, (ikkinchisini) muallaq holda tashlab qo‘ymangiz! Agar (ular bilan munosabatingizni adolat asosida) tuzatsangiz va taqvoli bo‘lsangiz, albatta, Alloh kechirimli va rahmli zotdir” (Niso surasi, 129-oyat).

E’tibor qilsak, oyati karimada er xotinini “muallaqa” qilishidan qaytarilmoqda. “Muallaqa” holati shu kunlarda voqe’likda guvohi bo‘lib turgan ishlarimizning ayni o‘zidir. Ya’ni, xotini bilan kelisha olmay qolgan er boshqasiga uylanib olib, birinchi xotinini nafaqasiz tashlab qo‘yadi va boshqa turmush qilishiga imkon bermaslik uchun talog‘ini ham bermaydi. Gohida ba’zi nobakor erlar nafsini gunohdan qondirib, din-diyonatli, husni-jamoli joyida bo‘lgan jufti halolini bir necha yillar er-xotinlik aloqasidan mahrum qilish bilan ularni “muallaqa” qilib qo‘yadi. Musulmon erkak ham shunchalik pastkashlikka boradimi, axir?!

Alloh taolo Qur’oni karimda ayollarga go‘zal muomalada bo‘lishga targ‘ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytardi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:

وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا…

ya’ni: “Xotinlarni taloq qilganingizda (ular idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o‘ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!…” (Baqara surasi, 231-oyat).

Demak, musulmon er xotinini yaxshilik bilan olib qolishi yoki (ortiq oilani saqlab qolish imkoni bo‘lmasa) yaxshilik bilan javobini berishi kerak. Aks holda Alloh taoloning oyatlarini hazil bilish, yengil sanash ular bilan “o‘ynashish” ning oqibati yomon bo‘ladi. Allohning azobi zolimlarni qattiq tutadi.

Ba’zi kishilar taloq qilish gunoh ekan, Alloh taoloning Arshi titrar ekan deb, xotiniga “taloq” lafzini aytmay, lekin o‘zlari uylanib yuraveradilar. To‘g‘ri, nohaq, hech bir sababsiz taloq qo‘yish dinimizda qoralanadi. Lekin oilani saqlashni imkoni bo‘lmaganda, taloq ham bir chora. Har qanday holatda taloq aytish gunoh, hech qachon taloq aytmaslik kerak, degan gap Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham, hatto ulamolarimizning so‘zlarida ham uchramaydi. Aksincha, xotinni arosatda qoldirib talog‘ini bermasdan yurish gunoh bo‘ladi, zulm hisoblanadi.

Ba’zilar esa xotinidan butunlay ajralmoqchi bo‘lgan kishi “uch taloq” qilishi kerak ekan degan mutlaqo noto‘g‘ri fikrda yuradilar. Aslida ajrashmoqchi bo‘lgan kishi xotiniga: “Seni bir taloq qildim” deyishi ham kifoya. Birdaniga “uch taloq” aytish gunoh hisoblanadi. Chunki bunday qilish bir tomondan Alloh taolo bandaga bergan uchta imkoniyatni birdaniga yo‘q qilish bo‘lsa, boshqa tomondan qayta yarashish imkonini ham yo‘qqa chiqaradi. Bu mavzuda quyidagi hadis rivoyat qilingan:

قَالَ مَحْمُودُ بْنُ لَبِيدٍ أُخْبِرَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ امْرَأَتَهُ ثَلاَثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا فَقَامَ غَضْبَانًا ثُمَّ قَالَ: أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اللهِ وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ حَتَّى قَامَ رَجُلٌ وَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَلاَ أَقْتُلُهُ.(رَوَاهُ الامام النَّسَائِيُّ)

ya’ni: “Mahmud ibn Labiyd raziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bir kishi o‘z xotinini jamlab uch taloq qo‘ygani xabar qilindi. Shunda U Zot g‘azablanib o‘rinlaridan turdilar-da: “Men ichingizda turib, Allohning kitobini o‘yin qilinadimi?!” – dedilar. Hattoki bir odam o‘rnidan turib: “Ey Rasululloh! Uni qatl qilaymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).

Alloh taolo oila masalalarida aksar o‘rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas’ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suistemol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak. Biz ham mo‘min-musulmon aka-ukalarimizni dinimizning oila mavzusidagi buyruqlariga amal qilish, oliyjanoblik va mardlik bilan ish tutishga chaqiramiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!