OAV: Yaponiya Fukusimadagi radioaktiv suvlarni okeanga chiqarishga qaror qildi

OAV: Yaponiya Fukusimadagi radioaktiv suvlarni okeanga chiqarishga qaror qildi

Yaponiya hukumati Fukusima AESning tozalangan radioaktiv suvlarini okeanga chiqarib yuborishga qaror qildi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Fukusimaning chiqindi suvlari maxsus omborlarda saqlanmoqda, ular tozalangan, lekin tarkibida avvalgidek radioaktiv tritiy mavjud.

Tokyo Electric Power kompaniyasining mutaxassislari suvni nasos bilan tortib, AES hududida joylashgan maxsus po‘lat idishlarga joylashtirmoqda.

Hukumat komissiyasi bu ishni o‘tgan yili amalga oshirishni tavsiya qilgan edi, lekin mazkur qaror iste’molchilarning ushbu hududdagi dengiz mahsulotlarini rad etishidan xavotirga tushgan baliqchilik sanoati vakillarining ko‘plab e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga Baliqchilik majmualari umumyapon assosiasiyasi rahbari Xirosi Kisi bilan uchrashgan. U hukumat rahbariga hali ham Tokioning rejalaridan norozi bo‘lgan baliqchilik sanoatining pozisiyasi to‘g‘risida gapirgan.

Bu qaror 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan vazirliklar va baliqchilik sanoati boshqarmasining majlisida rasman e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, 2011 yilning mart oyida sodir bo‘lgan sunami oqibatida Fukusima-1 AESning sovutish tizimi ishdan chiqqan edi. Natijada havoga va suvga ko‘p miqdorda raiasiya tarqalgan. Stansiyadan 20 kilomet radiusdagi 140 ming aholi evakuasiya qilingan.

Shuningdek, «Fukusima-1» atom elektr stansiyasi hududida juda ko‘p miqdorda radioaktiv moddalarga boy suv sizib chiqqani aniqlangan.

Avvalroq Yaponiyaning Fukusima prefekturasidagi radioaktiv qoldiqlarni tozalash ishlaridan so‘ng qolgan tuproq qatlami, daraxt shoxlari, o‘tlar va boshqa chiqindilarni qayta ishlash xarajatlari uchun 440,1 milliarddan 675,6 milliard iyena (taxminan, 4,2—6,4 milliard dollar)gacha mablag‘ talab etilishi ma’lum bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!