OAV: AQSh Netanyaxuni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun “imkoniyat berishga” chaqirmoqda
AQSh vise-prezidenti J.D. Vens Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuv chog‘ida uni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga imkoniyat berishga chaqirdi.
12-kanal Amerika va Isroil manbalariga tayanib xabar berishicha, Vens Netanyaxuga:
“Kelishuvga imkoniyat bering va biz hamma narsani hal qilaylik”, — degan.
Uning ta’kidlashicha, “G‘azoni qayta qurish va HAMASni Isroil uchun endi xavf tug‘dirmasligini ta’minlash qiyinchiliklarga to‘la”.
Netanyaxu esa o‘z navbatida “o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi muvaffaqiyatli bo‘lishini istashini” bildirdi. Uchrashuvda qatnashgan AQShning yuqori martabali mansabdor shaxsi ma’lum qilishicha, bosh vazir “Vensning otashkesimni davom ettirish va kelishuvning keyingi bosqichlariga o‘tish zarurligi haqidagi fikrlariga ochiq bo‘lgan”.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati G‘azoga xalqaro kuchlarni joylashtirish va mintaqani qayta tiklash uchun mablag‘ yig‘adigan Tinchlik kengashini tuzish maqsadida arab davlatlaridan iqtisodiy, harbiy va siyosiy yordam so‘ragani qayd etilgan.
Vens Isroilga tashrif bilan kelgan va bir kun avval Netanyaxu bilan uchrashgan.
Avvalroq, 9 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Misrdagi muzokaralar chog‘ida Isroil va HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichini ma’qullaganini ma’lum qilgan edi.
Qohirada imzolangan va Isroil hukumati tomonidan tasdiqlangan kelishuv 10 oktyabr kuni kuchga kirgan.
Isroil armiyasi “sariq chiziq” deb atalmish hududga chekingach, o‘sha kuni peshin vaqtida otashkesim amalga kirgan, ammo shunga qaramasdan, Isroil qo‘shinlari turli bahonalar bilan falastinliklarga qarshi hujumlar uyushtirishda davom etmoqda.
