Nyu-York 11 sentyabrdagi teraktlardan so‘ng paydo bo‘lgan «zaharli bulut» haqidagi maxfiy hujjatlarni oshkor qiladi

Nyu-York 11 sentyabrdagi teraktlardan so‘ng paydo bo‘lgan «zaharli bulut» haqidagi maxfiy hujjatlarni oshkor qiladi

11 sentyabrdagi teraktlardan 25 yil o‘tib, Nyu-York hukumati Jahon savdo markazi qulaganidan keyin havoning ifloslanishiga oid o‘n minglab maxfiy hujjatlarni e’lon qilishga qaror qildi. Shahar meri Zoxran Mamdani o‘sha paytdagi ma’muriyat havoning asbest va boshqa zaharli moddalar bilan ifloslanganlik darajasini yashirgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Mamdanining aytishicha, aholiga shaharda bo‘lish va havodan nafas olish xavfsiz ekani aytilgan. Vaholanki, hokimiyat havo ifloslanganini bilgan. Merning fikricha, bu orqali shahar ma’muriyati fojia oqibatlari uchun o‘z javobgarligini cheklashga uringan bo‘lishi mumkin.

Kelgusi 12 oy davomida taxminan 173 ming sahifalik hujjatlar oshkor qilinishi rejalashtirilgan. Ularning e’lon qilinishini Health Watch nohukumat tashkiloti sud orqali talab qilgan.

AQSh sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon savdo markazi minoralari qulaganidan keyin tarqalgan chang va tutun ta’siri bilan bog‘liq saraton hamda boshqa kasalliklar tufayli 9400 dan ortiq kishi vafot etgan. Bu teraktlar vaqtida halok bo‘lgan 2977 kishidan uch baravardan ko‘p.

Hozircha aniq aybdorlarning ismlari keltirilmagan. Biroq yangi oshkor etiladigan hujjatlar teraktlar vaqtida Nyu-York meri bo‘lgan Rudi Juliani, shuningdek uning vorisi Maykl Blumberg uchun jiddiy savollar tug‘dirishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!