Nursulton Nazarboyev: "Men Toqayevga ishonaman. Qozog‘iston yangi davr sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tadi"

Nursulton Nazarboyev: "Men Toqayevga ishonaman. Qozog‘iston yangi davr sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tadi"

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev «Nur Otan» partiyasining navbatdan tashqari qurultoyida ishtirok etdi.

Nazarboyev joriy qurultoyning tarixiy ahamiyati haqida gapirar ekan, partiyadoshlari uning amaldagi prezident Qosim-Jomart Toqayevni «Nur Otan» partiyasi raisligiga saylash taklifini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi, deb xabar berdi «Elbasy.kz».

“Oxirgi bir yarim yil ichida partiya jiddiy tizimli qayta yuklanishni boshidan kechirdi. Men partiya ustidan to‘liq nazoratning amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga o‘tkazilishini bu jarayonning so‘nggi bosqichi deb bilaman. Partiyaga Prezident saylovida nomzodi ko‘rsatilgan va uni qo‘llab-quvvatlagan shaxs rahbarlik qilishi kerak. Bugun Qozog‘iston Prezidenti rahnamoligida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar kompleksi amalga oshirilmoqda. «Nur Otan» partiyasi barcha zarur resurslarga ega bo‘lgan holda ularni amalga oshirishda ishonchli yordamchiga aylanishi kerak”, — dedi Elboshi.

Elboshi o‘z nutqi davomida «Nur Otan» partiyasi mamlakatdagi asosiy siyosiy kuch ekanligini ta’kidladi.

"Jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilgan partiya hamisha mustaqilligimiz va davlatchiligimiz himoyasi tarafdori bo‘lib kelgan. Birgalikda biz ko‘p narsaga erishdik. Eng muhimi, Qozog‘istonning yanada rivojlanishi uchun ishonchli poydevor yaratildi. Bu ilg‘or harakatni davom ettirish muhim”, dedi Qozog‘istonning birinchi prezidenti.

Nazarboyevning ta’kidlashicha, faqat keng jamoatchilik qo‘llab-quvvatlagan taqdirdagina Qozog‘iston mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim natijalariga erishiladi.

"Jamiyat mustahkamlangan, davlatda tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va totuvlik hukm surayotgan sharoitda ulug‘ maqsadlarga erishilayotganini doim ta’kidlab kelganman. Mustaqilligimizning 30 yillik tajribasi bu haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi. Bugun biz mustaqilligimizning to‘rtinchi o‘n yilligiga qadam qo‘ydik. Bu global o‘zgarishlar, murakkab va mas’uliyatli qarorlar davri. Ishonchim komilki, Qozog‘iston yangi davrning barcha sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tadi. Buning kaliti aniq maqsadlar, siyosiy iroda va eng muhimi, xalqning qo‘llab-quvvatlashi bo‘ladi”, — dedi u.

Noyabr oyida siyosiy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida Nursulton Nazarboyev «Nur Otan» partiyasi raisi vakolatlarini topshirishga qaror qilgan edi. U partiyani mamlakat prezidenti boshqarishi kerakligini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!