Nufuz taqdim etilmaydi, unga erishiladi

Nufuz taqdim etilmaydi, unga erishiladi

Prezidentimiz raisligida shu yil 23-avgust kuni o‘tgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi respublikamizda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrini alohida ta’kidlab, “Bugundan boshlab O‘zbekistonda eng hurmatli, e’zozli inson muallim bo‘ladi”, dedi.

So‘nggi yillarda respublikamizda o‘qituvchilarning mavqeyini oshirish bo‘yicha ulkan va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘qituvchi­ning sharafli hamda yurt istiqboli vorislari tarbiya­sidagi mashaqqatli mehnati yuqori darajada moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvat­lanmoqda.

Bu borada tayanch universitet hisob­lanadigan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 2019-2020-o‘quv yilidan 12 fakultet va 43 kafedrada pedagog kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Maktab menejmenti, maktabgacha ta’lim psixologiyasi va pedagogikasi, texnologik ta’lim kabi yangi bakalavriat ta’lim yo‘na­lishlari tashkil etildi hamda joriy o‘quv yilida ilk talabalar qabul qilindi. Beshta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash birinchi marotaba yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, maktabgacha ta’lim tarmog‘ining yangidan tashkil etilishi, 11 yillik o‘rta ta’limning joriy qilinishi bilan yuzaga kelgan malakali pedagog kadrlarga ehtiyoj oliy ta’lim­ning kunduzgi, kechki, sirtqi, ikkinchi oliy ta’lim hamda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash orqali ta’minlanmoqda.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan universitetimizda pedagog bo‘lmagan oliy ma’lumotli kadrlarni olti oy muddatda qayta tayyorlovchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Joriy o‘quv yilida universitetning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi uchun 150 ta kvota ajratildi, maktabgacha ta’lim pedagogikasi va psixologiyasi yo‘nalishiga 25 nafar tala­ba qabul qilindi. Innovasion pedagogika O‘zbek-Belarus qo‘shma fakultetida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalar Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.

Nufuzli inson — boshqalar uning fikri bilan hisoblashadigan, unga taqlid qilishga intiladigan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, boshqalar hurmat-ehtirom bilan qaraydigan shaxsdir. Prezidentimizning murojaatida aynan mana shunday insonni, ya’ni jamiyatda o‘z nufuziga ega o‘qituvchini yetishtirish borasidagi ama­liy ko‘rsatmalar belgilab berildi.

Nufuz taqdim etilmaydi, unga erishiladi. Jamiyatimizda bilimli, malakali pedagoglarni ko‘paytirish, faoliyatiga keng yo‘l ochib berish bilan ularning nufuzini oshirish mumkin. Bunday talabga javob beradigan o‘qituvchilarni tayyorlash bizga yuklatilgan eng sharafli vazifa deb hisoblaymiz. Bu boradagi barcha tadbirlarni amalga oshirishda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti flagman vazifasini o‘tashi lozim. Universitetda o‘qituvchi nufuzi­ni oshirish borasidagi belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan sa’y-hara­katlar boshlab yuborildi.

Joylarda o‘qituvchilarning mavqe­yini yanada oshirish, yoshlarning o‘qituvchilik kasbiga qiziqishini qo‘l­lab-quvvatlash bo‘yicha universitetning yangi infrastrukturasi yaratildi. Termiz va Shahrisabz shaharlarida muassa­samiz filiali tashkil etildi, ehtiyoj yuqori bo‘lgan yangi 16 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadr tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

2019-2020-o‘quv yilida Toshkent davlat pedagogika universitetida Moskva davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda rus tili va adabiyoti qo‘shma ta’lim yo‘nalishi ochildi.

Qo‘shma yo‘nalishda rus tili va adabiyoti bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi. To‘rt yillik o‘qish muddatida talabalar bir o‘quv yili davomida Moskva davlat pedagogika universitetida tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayonida ikkala oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tengma-teng ishtirok etadi.

Bitiruvchilarga ikkita oliy ta’lim maussasasining diplomi berilishi ham zamon talabiga mos nufuzli kadrlar tayyorlash maqsadiga to‘g‘ri keladi.

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Innovasion pedagogika qo‘shma fakultetida soha xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda logopediya, psixologiya, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga talabalar o‘qishga qabul qilindi. Kelgusida korreksion pedagogika, defektologiya, inklyuziv ta’lim yo‘nalishlariga ham qabul rejalashtirilgan. Qo‘shma fakultet talabalari 1-, 2-, 3-kurslarda O‘zbekis­tonda, 4-kursda esa Belarusda tahsil oladi. Bundan tashqari, kelgusida magistrlar tayyorlash, ilmiy stajirovka­lar tashkil etish, malaka oshirish sohasida ham hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.

Ayni kunlarda yurtimiz ta’lim tizimi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyalashuv jarayonini boshdan kechiryapti. Ikki diplomli dasturlar mana shu jarayonlar natijasidir. Yangi qo‘shma fakultetda dars o‘tish uchun xorijlik mutaxassislar jalb etiladi. Almashuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan PISA—2021 — o‘quv­chilarning savodxonligini baholash xal­qaro dasturida ishtirok etish to‘g‘risida Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotlari (IHTT) bilan kelishuvga erishildi. Shunga ko‘ra, 2021-yilda PISA tomonidan yurtimiz o‘quvchilarining savodxonligini baholash rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda kelishuvga muvofiq mazkur jarayonga tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Rejalashtirilayotgan keng ko‘lamli tadbirda manfaatdor tashkilot sifatida Toshkent davlat pedagogika universiteti ham ishtirok etmoqda.

Muassasamiz o‘quvchilar savod­xonligini baholash dasturini yurtimizda yo‘lga qo‘yish jarayonida tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida ishtirok etadi. 2030-yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilingan loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-2020-o‘quv yilida matematika, tabiiy va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlarining yuqori kurslari o‘quv rejalariga “Xalqaro baho­lash dasturlari” moduli tanlov fan sifatida kiritildi. Shuningdek, barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasidagi o‘qitish metodikasi fanlari mazmuniga “Xalqaro baholash dasturlari” moduli singdirildi.

OTM faoliyatining sifati va raqobatbardoshligini ta’minlovchi xorijiy ilg‘or metod va mexanizmlarni boshqaruv va ta’lim jarayoniga keng joriy etish talab qilinmoqda. Universitetda chet tillar ta’limini takomillashtirish uchun Benchmarking (OTM faoliyatining kom­ponentlari bo‘yicha qiyosiy tahlil etish orqali muammolarga yechim topish mexanizmi), professor-o‘qituvchilar fao­liyatini 110 ballik tizimda baho­lashda Total quality management (Ta’lim sifatini oshirishning yalpi boshqaruv tizimi), OTM reytingini baholash tizimlarida universitet nufuzini oshirishga qaratilgan strategic management kabi zamo­naviy texnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda. Shu bilan birga, maxsus sirtqi ta’limda dars jarayonini tashkil etishning blended learning (yagona elektron tizim orqali ta’limni amalga oshirishning talaba-pedagog muloqot tizimi), magistratura ta’limida Tuning (umumkasbiy va mutaxassislik) tizimi qo‘llaniladi.

Universitetda xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan keng foydalanish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy natijalarini xalqaro miqyosda keng nashr etish, chop etilayotgan ilmiy jurnallar­ning bosqichma-bosqich impakt-faktorga ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar belgilab olingan. Bu borada universitetda EBSCO va Web of Sciyence kabi xalqaro tizimlar bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, iyun oyida Scopus tizimidan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Elseviyer” kompaniyasi ekspertlari ishtirokida seminarlar tashkil etildi.

Ta’lim jarayonini innovasion g‘oya­lar asosida tashkil etish va zamo­naviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish maqsadida 2018-2019-o‘quv yilida Yevropa, Osiyo hamda MDHdagi 10 ta yetakchi o‘quv-ilmiy markaz mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb etish ko‘zda tutilgan. Ular universitetimizda faoliyat yuritib, o‘zlarining pedagoglik mahoratini namoyish etish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazadi, professor-o‘qituvchilari­miz bilan fikr almashadi. Shuningdek, yangi o‘quv yilida universitetning 16 nafar professor-o‘qituvchi­sini malaka oshirish va stajirovka o‘tash maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasa­lariga yuborish rejalashtirilgan.

Universitetda talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqi­qot­chi­larning zamonaviy ilmiy-texnik ada­biyotlar kataloglaridan foydalanishlari uchun Scopus, Proquyest, SciyenceDirect kabi xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga ulanish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. Ushbu tizimlardan foydala­nish uchun alohida kompyuter sinfxonasi ajratilib, mutaxassislar bilan hamkorlikda ushbu tizimlardan foydalanish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilingan.

Shavkat SHARIPOV, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!