Navoiylik fuqaro o‘z opasining qotiliga aylandi

Navoiylik fuqaro o‘z opasining qotiliga aylandi

Karmana tumanida yashovchi Uyg‘un (ism-shariflar o‘zgartirildi) bayramni uyida qarindoshlari bilan birga nishonlashga qaror qildi. O‘sha kuni ertalab soat to‘qqizlarda ikki opasiga qo‘ng‘iroq qilib, avval bayram bilan tabrikladi. So‘ngra maqsadga o‘tib, pochchalar bilan birga uyiga mehmondorchilikka chaqirdi.

Tushda Uyg‘un to‘ng‘ich pochchasi Ikrom bilan ichkilikbozlikni boshlab yuboradi. Kechki payt ularning davrasiga kichik pochchasi Davlat Otajonov ham kelib qo‘shildi. Bir ozdan so‘ng Ikrom uyiga ketdi.

Uyg‘un bilan Davlat esa, ichkilikbozlikni davom ettiradi. Biroq o‘zaro gap talashib qolishadi va Uyg‘un pochchasini haqoratlaydi. Davlat ham bunga javoban har xil noo‘rin so‘z­lar aytadi. Jahl otiga min­gan Uyg‘un Davlatning kiyi­mini yirtib tashlaydi. Shunda Hakima o‘rtaga tushadi va erini tashqariga chiqarib yuboradi. Bundan g‘azablangan Uyg‘un  opasining chap tomon yelka o‘mrov sohasiga qo‘lidagi o‘tkir oshxona pichog‘ini sanchib oladi. Og‘ir tan jarohati olgan Ha­kima «Tez tibbiy yordam» avtomashinasida zudlik bilan shifoxonaga olib boriladi. Afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Ha­kimaning hayotini saqlab qo­lishning iloji bo‘l­madi.

Sud majlisida so‘roq qi­lingan sudlanuvchi Uyg‘un Shokirov aybiga iq­rorlik bildirmadi. Uning iddaosicha, tarvuz so‘yayotganda pichoq to‘­satdan opasining tanasiga kirib ketgan emish…

Sud sudlanuvchi U. Shokirovning opasini qasddan pichoqlamagani, bu holat qanday sodir bo‘lganini bilmay qolgani, opasiga tan jarohati yetkazish maqsadi bo‘lmagani ha­qidagi ko‘r­satmalarini chuqur muhokama qildi. Jinoyat ishi yuzasidan guvoh sifatida so‘­roq qilingan jabrlanuvchining qonuniy vakili D. Otajonov va bosh­qa guvohlarning ko‘rsatmalari, shuningdek, X. Sulaymonova nomidagi sud-tibbiy eks­pertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filiali Kar­mana tuman bo‘­linma­sining 2020 yil 10 sentyabrdagi 51-sonli xulosasiga asoslanib, sudlanuvchining ko‘rsatmalarini javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida o‘ylab topilgan vajlar deb topdi.

Sud majlisida qo‘­shimcha gu­voh sifatida so‘roq qilingan sudlanuvchi U. Shokirov istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S. Tojiqulovning ko‘rsatmasi ha­qi­qatni birmuncha oydinlashtirdi.

— Uyg‘un ilgari ham spirtli ichimlik iste’mol qilib, tez-tez janjal chiqarib turar edi, — dedi u. — Opasi Haki­ma­ bilan o‘rtalarida kelishmovchilik bo‘l­ganini eshitmaganman. Lekin pochchasi Davlat Otajonov bilan chiqisholmasligidan xabardor edim.

Sud sudlanuvchi U. Shokirovni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va unga sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qi­lish jazosini tayinladi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Uyg‘un jazo muddatini o‘tab, uyiga qaytgani bilan bir umrlik vijdon azobidan qutula oladimi? Yaqin qa­rin­doshlari, jiyanlari qalbidagi tuzatib bo‘lmas jarohatga malham topoladimi?

Yashash baxti har bir insonga Yaratgan tomonidan berilgan in’om. Ana shu in’om etilgan umrni mazmunli o‘tkazish, yax­shi nom qoldirish har kimning o‘ziga bog‘liq. Yashash baxti esa, ota-ona, aka-uka, opa-singil, oila va farzandlar mehrini his etib, ahil-inoq umrguzaronlik qilish bilan mazmunli. Bunday ibratga lo­yiq oilalar ming-minglab topiladi, ular jamiyatimiz ko‘r­ki.­

Muxtasar qilib aytganda, spirtli ichimlik ichish va o‘y­lamay qilingan xatti-harakat mudhish fojiani keltirib chiqardi. Uning ayanchli oqibati nafaqat Uyg‘unni, balki uning oila a’zolarini ham uzoq vaqt mobaynida azoblashi tayin. Shunday ekan, ji­noyat­ga yetaklovchi va unga doyalik qiluvchi illatdan yiroq bo‘lgan ma’qul.

Alisher SAYDULLAYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Karmana tumani sudi sudyasi,

Abduhamid XUDOYBERDIYEV,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!