Navoiydagi «Muruntov» oltin konining bir qismi sayyohlik markaziga aylantiriladi

Navoiydagi «Muruntov» oltin konining bir qismi sayyohlik markaziga aylantiriladi

Navoiy viloyatida joylashgan «Muruntov» konining bir qismi sayyohlik markaziga aylantiriladi. Bu haqda «Bugun.uz» xabar berdi.

«Muruntov» koni dunyodagi eng katta oltin koni hisoblanadi. Navoiy viloyatida 14–15 oktyabr kunlari o‘tgan info-tur davomida Sa’dulla Mirzayev Navoiydagi «Muruntov» oltin konining ma’lum qismi sayyohlik markaziga aylantirilishi haqida gapirdi.

«Viloyatimiz sanoatlashgan hudud bo‘lib, Navoiy kon-metallurgiya korxonalarining oltin konlari mavjud. Shu paytgacha ushbu konlarga birorta insonga, hatto rahbarlarga ham kirishga ruxsat berilmagan. Bugungi kunda mana shu kon-metallurgiya kombinati bilan o‘sha joyga bemalol kirib, ekskursiya uyushtirish uchun muzokaralar olib boryapmiz. Bu esa ko‘plab sayyohlarning Navoiyga kelishiga xizmat qiladi. Xususan, «Muruntov» koni yirik konlardan biri bo‘lib, unga aholimiz va turistlarning juda katta qiziqishlari mavjud. Biz o‘sha yerda suratga olish, selfiga tushish, tomosha qilish hududlarini tashkil qilmoqchimiz», — deydi u.

Hozirda mazkur yangilikni amalga oshirish borasida muzokaralar o‘tkazilmoqda. Loyiha 2022 yilning ikkinchi yarimyilligidan boshlab yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

«Oltin koniga sayohatni 2022 yilning ikkinchi yarimyilligidan boshlab yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Hozir kombinat bilan o‘zaro muzokaralar olib borilmoqda. Ular ichki tartibidan kelib chiqib ruxsat beradigan bo‘lsa, o‘sha joyda yuqoridan turib qazib olinadigan maydonni videotasvir hamda uzoqni ko‘rish imkonini beruvchi vositalar orqali tomosha qilish imkoniyati paydo bo‘ladi», — deydi Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!