Navoiyda tovlamachilar jinoyat ustida qo‘lga olindi

Navoiyda tovlamachilar jinoyat ustida qo‘lga olindi

Jamiyatimizda yana bir jirkanch illat borki, buning nomi tovlamachilikdir. Bunday yo‘lni kasbiga aylantirgan kishilarning topayotgan luqmasining nopokligiyu, qilayotgan ishlarining qing‘irligi aslo tashvishga solmaydi. Xususan, Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi 30 yoshli yigit avvaliga tovlamachi oshnalarining qimordagi sherigi edi. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinning mardu maydonlari vaqt o‘tib, begonalarcha dushmanga aylandilar.

Gap shundaki, fuqaro dastlab tanishining xonadonida tashkil etilgan qimor o‘yiniga qo‘shilishni istab, xonadon egasidan 16 mln. so‘m qarzni foiz evaziga oladi va pullar o‘yinga tikiladi. Oradan bir-muncha vaqt o‘tgach, yigit olgan pulini avvalgi kelishilgan narx hisobida foizi bilan qaytarib bergan bo‘lsada, pul egasi qarzni kunlik foizga hisoblab, yana 15 mln. so‘m berishi kerakligini aytadi. Ikki tanishning munosabatlari tovlamachilikdan bezorilikkacha bo‘lgan vaziyatni yaratdi. Ya’ni gumonlanuvchi o‘zining 2 nafar sherigi bilan karmanalik fuqaroni bir necha bor shahar tashqarisiga olib chiqib do‘pposlagan va turli gaplar bilan po‘pisa qilgan. Vaziyat chigallashgach fuqaro ichki ishlar organiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Foizchi 15 mln. talab qilgan pullarining 3 mln. so‘mini olayotgan paytida, Navoiy viloyati IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!