Navalniy advokatlari ozodlikdan mahrum etildi

Aleksey Navalniyning himoyachilari 3,5 yildan 5,5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.
Vladimir viloyatining Petushinskiy sudi marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning uch nafar sobiq advokati - Vadim Kobzev, Aleksey Lipser va Igor Serguninni "ekstremistik uyushma"da ishtirok etgani uchun uch yarim yildan besh yarim yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga hukm etdi (Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi 2-qismi), deb xabar berdi "Mediazona" 17 yanvar, juma kuni.
Vadim Kobzev 5,5 yil, Aleksey Lipser besh yil va Igor Sergunin uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazildi, Vladimir viloyati Petushinskiy tuman sudidagi muzokaralar 24 dekabrda yakunlandi. 10 yanvar kuni advokatlar so‘nggi so‘z bilan chiqishdi.
Navalniy advokatlari ishi
Kobzev, Lipser va Sergunin 2023 yil oktyabrda Moskvada hibsga olingan - o‘shandan beri ular tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, Navalniyning advokatlari "o‘z maqomlaridan foydalanib," siyosatchining koloniyadan maktublarini uning hamkorlariga yetkazishgan. Shu orqali ular "ekstremistik uyushma rahbarlari va a’zolari o‘rtasida muntazam axborot almashinuvini ta’minlaganlar." Rossiya hokimiyati 2021 yil iyunda Navalniy tuzilmalarini, shu jumladan u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasini ham shunday uyushma deb e’lon qilgan edi.
"Ekstremistik uyushma"da ishtirok etish ishi bo‘yicha Navalniyning yana ikki advokati - Olga Mixaylova va Aleksandr Fedulov ham ayblanmoqda. Ular ilgari Rossiyadan chiqib ketganligi sababli sirtdan qamoqqa olingan. Besh nafar advokatning barchasi Rosfinmonitoringning ekstremistlar va terroristlar ro‘yxatiga kiritilgan.