Narimon Umarov: “O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarini bir-biridan ajratish mumkin emas”

Narimon Umarov: “O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarini bir-biridan ajratish mumkin emas”

O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining o‘tmishi, tarixi, madaniyati, qarashlarini bir-biridan ayirishning o‘zi mumkin emas. Xalqimizning “etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi” degan hikmatli naqli xuddi shu ikki elga nisbatan aytilganday. Mana, necha asrlardan buyon bir xalq bo‘lib yonma-yon, aka-uka, opa-singil, quda-anda rishtalari bog‘lanib, bir makon – bir Vatan deya tinch-totuv yashab kelmoqdamiz. Taqdirimizni ham, kelajagimizni ham birgalikda barpo etmoqdamiz.

Biroq ba’zi g‘araz niyatli yot kuchlar mamlakatimizda olib borilayotgan Konstitusiyaviy islohotlarni bir bahona sifatida qo‘llab, buzg‘unchilik va ayirmachilik bo‘lgan asl niqobini yashirgan holda, soxta axborotlarni tarqatish orqali jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat qabih maqsadlarini amalga oshirmoqchi bo‘lishdi.

Kuni kecha sodir etilgan tashvishli voqealar har birimizning yuragimizda chuqur dard va iztirob izlarini qoldirdi.

Bunday harakatlar davlatchiligimizga, birdamligimizga, Davlat rahbarining siyosiy irodasi bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qarshi qaratilganligi bugun barchaga ma’lum bo‘lib bo‘ldi.

Birgina Qoraqalpog‘iston misolida ayrim ko‘rsatkichlarni aytadigan bo‘lsak, 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshgan, so‘nggi yillarda mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, 17 mingdan ortiq oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi, biron-bir hudud tenglasholmaydigan qurilish ishlari amalga oshirildi, minglab yangi ob’ektlar barpo etildi bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi. Bularning barchasi qoraqalpoq xalqining farovon yashashi, xohish-irodasi, maqsadi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish uchun qilingan sa’y-harakatlardir.

Fursatdan foydalanib, shu sinovli kunlarda Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar orqasida yaxlit mamlakatda separatistik g‘oyalarni tarqatishga qaratilgan, avvaldan rejalashtirilgan, aniq maqsadga ega muayyan kuchlar turganligi, ularning maqsadi – tinch aholining ishonchiga kirib, fikrini chalg‘itib, turli tartibsizliklar va namoyishlar orqali mamlakatmizda beqarorlikni yuzaga keltirish ekanligini o‘z vaqtida anglab yetgan jamiyatimizni barcha vakillariga tinchlikparvarlik, ezgulik, birdamlik g‘oyasi atrofida Davlatimiz rahbarini yanada qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qolaman.

Narimon UMAROV,

Senatning Sud-huquq masalalari

va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!