Namanganda erini bolta bilan chopib o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Namanganda erini bolta bilan chopib o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Namangan viloyat sudi sudyasi D.Kamilovning ma’lum qilishicha, sudlanuvchi R.X. 2006 yilda fuqaro A.K. bilan tanishib, u bilan shar’iy nikohdan o‘tgan holda yashab kelgan. Oilada farzand tug‘ilgandan so‘ng 2010 yilda nikohni rasmiylashtirilgan.

2021 yilning 31 yanvaridan 1 fevralga o‘tar kechasi A.K. spirtli ichimlikdan mast holda uyga kelib, yashash xonasida uxlab yotgan 2010 yilda tug‘ilgan qizi, voyaga yetmagan B.G.ning kiyimlarini yechib, tegajog‘lik qilmoqchi bo‘ladi. Shu payt kichik farzandining yig‘isidan uyg‘onib ketgan xotini undan nima qilayotganini so‘raydi. Er esa nosqovog‘ini qidirayotganini aytib, tezda yana joyiga yotib oladi. Bundan qattiq ta’sirlangan R.X.ning g‘azabi qo‘ziydi. Spirtli ichimlik ta’sirida uxlab qolgan erining ojiz ahvoldaligidan foydalanib hovlida bo‘lgan bolta bilan uning bosh sohasiga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldiradi. Sodir etgan jinoyati izlarini yashirish maqsadida, A.Kning murdasini yashash uyidagi foydalanilmay kelinayotgan xonaga olib kirib, uch kun saqlaydi. Nihoyat, 3 fevral kuni tungi soat 03:30 larda jasadni hovlidagi bodom daraxtining oldiga sudrab olib chiqadi, qon tekkan gilam va matolarni esa boshqa xonaga olib kirib yashirib qo‘yadi.

Shundan keyin qo‘shni uyda yashovchi qaynakasi Q.Aga bodom daraxti tagida kimdir yotganini aytib, uni uyidan chaqirib chiqadi. Q.A. daraxt tagiga borib qo‘l telefoni yorug‘ida ukasining o‘lib yotganini ko‘rgach, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilgan.

Dastlab R.X. turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib qo‘yganini aytmasdan, go‘yoki, marhum o‘z ehtiyotsizligi sababli vafot etganday qilib ko‘rsatgan. Oradan 2-3 soat vaqt o‘tgach IIB xodimlari kelib, qaytadan suhbatlashganda bo‘lgan holatni ochiq-oydin so‘zlab beradi. Shundan keyin unga nisbatan Jinoyat ishi ochilib tergov harakatlari olib borilgan.

Ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqqan viloyat sudi qotil ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!