Myanma hokimiyati tepasiga kelgan harbiylar norozilik namoyishlari tufayli ko‘chalarga zirhli texnikalarni joylashtirmoqda

Myanma hokimiyati tepasiga kelgan harbiylar norozilik namoyishlari tufayli ko‘chalarga zirhli texnikalarni joylashtirmoqda

Myanma harbiylari ko‘chalarga qo‘shimcha kuchlar, shu jumladan, zirhli mashinalarni joylashtirmoqda, deya xabar bermoqda «Interfaks».

Ta’kidlanishicha, mamlakatning yirik shaharlarida davlat to‘ntarishiga qarshi davom etayotgan norozilik namoyishlari sababli internetga ulanish vaqtincha cheklangan.

Myanma Transport va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi 14 fevral, yakshanba kuni uyali aloqa operatorlariga internetga kirishni taqiqlashni buyurdi. Natijada, 15 fevral kuni ertalab sakkiz soat davomida tarmoqqa kirish imkonsizligicha qoldi. Ammo keyinchalik internet aloqasi tiklandi.

Shuningdek, harbiylar mamlakatning eng yirik shahri Yangon ko‘chalariga zirhli mashinalarni kiritdi. Mamlakat Markaziy banki yonida askarlar, zirhli transportyorlar, tartibsizlikni nazorat qilish bo‘linmalari va suv purkagichlari bo‘lgan yuk mashinalari paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, shaharning ushbu hududida 1000 dan ortiq namoyishchilar to‘plandi.

Davlat to‘ntarilishiga qarshi minglab muxolifatchilar Neypido, Mandalay va janubdagi Tavoy shahrida ham norozilik namoyishi uyushtirmoqda.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, Myanmaning sobiq davlat maslahatchisi va prezidenti 17 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan sudga videoaloqa orqali ishtirok etadi.

Mavzuga doir: Myanmada harbiy hukumat o‘ziga yangi vakolatlar taqdim etdi. Mamlakatda norozilik namoyishlari davom etmoqda

«TASS»ning ma’lum qilishicha, mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng harbiylar tomonidan hibsga olingan Myanmaning davlat maslahatchisi, tashqi ishlar vaziri Aun San Su Chji 17 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisiga qadar hibsda qoladi.

«Menga tuman prokurori tomonidan sud majlisi chorshanba kuniga qoldirilganligi to‘g‘risida xabar berildi. Prokurorning ta’kidlashicha, videoaloqa orqali o‘tkaziladigan sud vaqtida Aun San Su Chjidan advokat sudda uning vakili bo‘lishini xohlaydimi yoki yo‘qmi, so‘raladi», — dedi Aun San Su Chji va prezident Vin Minning manfaatlarini himoya qilish uchun Milliy demokratiya ligasi tomonidan tayinlangan advokat Kin Maun Zo.

Advokat shu paytgacha sud uning Myanma davlat maslahatchisi va prezidentining manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad etganini ma’lum qildi. Keyinchalik u prezident Vin Min sudda videoaloqa orqali ham paydo bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, 3 fevral kuni davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va Vin Minga uch yillik qamoq jazosi olib kelishi mumkin bo‘lgan turli ayblovlar qo‘yildi. Davlat maslahatchisi import va eksport to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda. Chunki uning uyida o‘tkazilgan tintuvlar davomida mamlakatga noqonuniy olib kirilgan radioelektron vositalar topilgan.

Prezident esa polisiya hisobotida aytilishicha, koronavirus epidemiyasi paytida rafiqasi bilan mamlakatning ko‘plab hududlariga tashrif buyurgan, bu tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi qonunni buzish hisoblanadi. Bundan tashqari, 19 fevralda sud oldida javob beradigan Demokratiya uchun milliy liga partiyasida Aun San Su Chjining o‘rinbosari Vin Txeyn isyon qo‘zg‘aganlikda ayblanmoqda.

Shu bilan birga, harbiylar Jinoyat kodeksining bir necha bo‘limlariga Demokratiya uchun milliy liga partiyasi a’zolari, namoyishchilar va fuqarolar itoatsizligi harakatini targ‘ib qilayotganlarga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalar haqida e’lon qildi. Keng sharhga ega bo‘lgan va faollarni hibsga olish uchun muntazam ravishda foydalanib borilgan ushbu qonunlar endi qattiqroq jazolarni ko‘zda tutadi.

Xavfsizlik xizmatlari va huquqni muhofaza qilish idoralarining muvaffaqiyatli faoliyatiga xalaqit beradigan harakatlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkin va davlat xizmatchilarining ishiga aralashish yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan avval Myanmada harbiylar 23 mingdan ortiq mahbusni afv etgani hamda Myanma bosh qo‘mondoni nima sababdan davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lganini tushuntirgani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!