Myanma harbiy ma’muriyati 19 ta davlatdagi yuzta diplomatini chaqirib oldi

Myanma harbiy ma’muriyati 19 ta davlatdagi yuzta diplomatini chaqirib oldi

Myanmaning harbiy ma’muriyati mamlakatning BMTdagi vakili Chjo Mo Tun tashkilotning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi minbaridan so‘zlagan bahsli nutqidan so‘ng dunyoning 19 ta davlatidagi 100 nafar diplomatini chaqirib oldi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.

Chjo Mo Tun BMT minbarida dunyo hukumatlarini hokimiyatni kuch bilan egallab olgan Myanmaning harbiy hukumatiga qarshi chiqishga chaqirgan.

Mahalliy nashrning ma’lum qilishicha, diplomatlarni chaqirib olish haqidagi qaror Myanma Tashqi ishlar vazirligi tomonidan chiqarilgan.

Hujjatga muvofiq, Myanma AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Italiya, Braziliya, Fransiya, Norvegiya, Belgiya, Serbiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Singapur, Tailand, Indoneziya, Kambodja, Janubiy Koreya, Filippin va Gonkongdagi elchi maslahatchilari va elchixona kotiblarini chaqirib oldi.

Shu bilan birga, hozirda Myanma Tashqi ishlar vazirligining Naypidavda ishlayotgan ellikka yaqin diplomatlari chaqirib olingan hamkasblari o‘rnini bosish uchun yuqorida qayd etilgan mamlakatlarga yuboriladi.

Ma’lum qilinishicha, Myanmaning BMTdagi elchisi Chjo Mo Tun allaqachon harbiy ma’muriyat tomonidan o‘z lavozimidan ozod qilingan va davlatga xiyonat qilganlikda ayblangan. Diplomatlarning chaqirilishi, Chjo Mo Tunning BMTdagi nutqidan so‘ng chet elda ishlayotgan ko‘plab Myanma diplomatlari mamlakatda bir oydan beri bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishlari kampaniyasiga qo‘shilishga moyil bo‘lib, yangi hukumat uchun ishlashni xohlamaganligi bilan bog‘liq.

Myanmada harbiylar 1 fevralda hokimiyat tepasiga kelib, mamlakat rahbarlarini hibsga olishdi. Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlayn mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi va mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etildi.

Harbiylar 2020 yil 8 noyabrdagi saylov natijalarini ommaviy ravishda soxtalashtirilgan deb iddao qilmoqda. Davlat to‘ntarishiga sabab qilib o‘tgan yilgi saylovlardagi soxtaliklar va saylov komissiyasining harakatsizligi ko‘rsatildi. 2020 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi hukumat tuzish uchun yetarlicha ovoz to‘plagan, harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiya esa mag‘lub bo‘lgan.

Hokimiyatga kelgan harbiylar favqulodda holat muddati tugagandan so‘ng yangi saylovlar o‘tkazishga hamda hokimiyatni saylovlarda g‘olib bo‘lganlarga topshirishga va’da berdi.

Mamlakatning yirik shaharlaridagi to‘ntarishlardan so‘ng norozilik namoyishlari boshlandi. Norozilik namoyishlari tufayli internet deyarli to‘liq uzib qo‘yildi. Facebook, Instagram, WhatsApp, Wikipedia bloklandi.

Mamlakat miqyosidagi ish tashlash mamlakatdagi 70 foizdan ortiq davlat muassasalari va korxonalarining ishini falaj qildi. Namoyishchilar hokimiyatni fuqarolik hukumatiga qaytarishini, hibsga olingan DML rahbarlari va funksionerlarini ozod qilishni hamda 2020 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda saylangan parlamentning birinchi sessiyasini zudlik bilan chaqirishni talab qilmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish harbiylar harakatlarini «Myanmada amalga oshirilgan demokratik islohotlarga jiddiy zarar yetkazish» deya qoraladi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Myanma davlat rahbarlarining hibsga olinishidan xavotir bildirdi va harbiylarni hibsga olingan siyosatchilarni ozod qilishga chaqirdi.

Ta’kidlanishicha, 28 fevral kuni Myanmadagi namoyishlarda 17 kishi halok bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!