Musulmonlar qachon rivojlanadi?

Musulmonlar qachon rivojlanadi?

Margaret Tetcher: “Biror bir fikr muxolif dushmansiz yashashi mumkin emas. Biz kim, g‘arb davlatlari bardavomiyligimiz uchun bizga qarshi dushman bo‘lishi shart. Sovet ittifoqi quladi, endi u bizga dushman emas. Demak, yangi dushman topishimiz kerak. U dushman Islomdir”, degan edi.

Bu iqtibosni keltirish bilan G‘arbning Islom va musulmonlarga qarshi dilida yashirib turgan adovatini oshkor etmoqchi emasmiz. Bu haqda qanchadan-qancha kitoblar yozilgan. Maqsad G‘arbni tinchlik, adolat va tenglikni o‘rnatishda eng yuqori cho‘qqiga yetgan deb tasvirlaydiganlarning og‘zini yopib qo‘yadigan bir misol keltirish, xolos.

Bugungi kunda islomiy davlatlar har sohada o‘ta qoloqlikda yashamoqda. Bu qoloqlik ularni G‘arbga to‘la qaram qilib qo‘ygandir. Ibn Xoldun "Muqaddima" nomli kitobida naqadar rost so‘zlagan: "Mag‘lub g‘olibga taqlid qilishni yaxshi ko‘radi". Bu bizning asrimizda shunchalik ravshanki, uni tushuntirish uchun harakat qilishga hech hojat yo‘q. Qachongacha qaram bo‘lib yashaymiz, Alloh biz uchun xohlaganidek mustaqil yashash fursati kelmadimi, axir?!

Alloh azza va jalla o‘zgarmas qadariy qonunlar qilib qo‘ygan. Kim ularni to‘g‘ri tushunsa va to‘g‘ri tatbiq etsa, u so‘zsiz g‘olib bo‘ladi. Umumiy suratda bir xalq boshqa xalqdan aqlliroq yoki ixtiro qilishda kuchliroq bo‘lmaydi. Bu narsa shaxslarda bo‘lishi mumkin, ammo butun bir xalq barcha xalqlardan mutlaqo ustun bo‘lishi amri maholdir. Shunday bo‘lsada xalqlardan ayrimlari Alloh taolo qo‘ygan tabiiy qonunlardan unumli foydalanishi, boshqalari esa ulardan g‘aflatda va ularga bee’tibor bo‘lishlari va o‘sha “ayrimlar”ga qaram bo‘lib yashashlari mumkin. Alloh taolo dedi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي الأَرْضِ جَمِيعاً

“Yagona Allohning o‘zigina yerdagi sizlar foydalanadigan ne’matlarning barchasini sizlar uchun yaratdi” (Baqara: 29).

Ya’ni bu narsalarni Alloh sizlar undan foydalanasizlar deb yaratdi. Agar islom ummati qoloqlik va xorlikdan qutilishni istasa, azizlik va taraqqiyotni xohlasa, albatta bunga olib boruvchi choralarni ko‘rishi lozim.

إِنَّ اللّهَ لاَ يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُواْ مَا بِأَنْفُسِهِمْ 

“Aniqki, to biron qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas” (Ra’d: 11).

Bu ummat modomiki ishni diniga va ummatiga xolis, qaramlik sabablarini o‘rganib undan qanday qutilish yo‘llarini obdon o‘ylaydigan, g‘arbdan ta’sirlangan va ular oldida mag‘lub bo‘lgan odamlarni ommaviy axborot vositalaridan va ta’lim sohalaridan chetlatadigan kishilarga topshirmas ekan, hargiz oyoqqa tura olmaydi.

Ummatning oyoqqa turishi uchun eng muhim choralardan ayrimlari quyidagilar:

- Alloh taoloning O‘zigagina bog‘lanish va unga shirk keltirmaslik. Ummat mubtalo bo‘lgan  mozorlardan mutlaqo aloqani uzish;

- shijoat va izzatni yolg‘iz Alloh taoloning madadidan talab qilish;

- taraqqiyot va rivojlanish choralarini ko‘rish va jiddiy hozirlik ko‘rish;

- yosh avlodni tarbiyalash va ummat qalbiga yuksaklikka intilish g‘amini joylash;

- iqtidorli shaxslarga e’tibor qaratish va ularni o‘stirishga intilish;

- ilmiy fanlarni nazariy o‘rganishdan amaliy o‘rganishga o‘tish;

- ixtiro va kashfiyotga qiziqtirish hamda ixtirochilarni munosib taqdirlash;

- ixtirochilik haqini uzoq yillar muzlatib qo‘yish o‘rniga uni tezlik bilan ro‘yxatdan o‘tkazish;

- sanoatchilarning oylik maoshlarini va ularning jamiyatdagi o‘rinlarini ko‘tarish.

- islomiy iqtisod barpo qilish va islomiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni qulaylashtirish. Ishbilarmonlarni o‘zlarining islomiy yurtlarida sarmoya yotqizishga chorlash. Islomiy davlatlar juda katta yerosti boyliklariga ega ekani diqqatga sazovor.

وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَيَسْتَخْلِفَنَّهُم فِي الأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَ الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَلَيُمَكِّنَنَّ لَهُمْ دِينَهُمُ الَّذِي ارْتَضَى لَهُمْ وَلَيُبَدِّلَنَّهُم مِّن بَعْدِ خَوْفِهِمْ أَمْناً يَعْبُدُونَنِي لا يُشْرِكُونَ بِي شَيْئاً وَمَن كَفَرَ بَعْدَ ذَلِكَ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ 

“Alloh sizlardan iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan iymon-e’tiqodli zotlarni yer yuziga xalifa-hukmron qilganidek, ularni ham yer yuzida xalifa qilishni va ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan Islom dinini g‘olib-mustahkam qilishni hamda ularning ahvolini xavfu-xatarlardan so‘ng tinchlik-xotirjamlikka aylantirib qo‘yishni va’da qildi. Ular Menga ibodat qiladilar va Menga biron narsani sherik qilmaydilar. Kim mana shu va’dadan keyin kufroni ne’mat qilsa, ular itoatsiz kimsalardir” (Nur: 55).

الَّذِينَ يَتَّخِذُونَ الْكَافِرِينَ أَوْلِيَاء مِن دُونِ الْمُؤْمِنِينَ أَيَبْتَغُونَ عِندَهُمُ الْعِزَّةَ فَإِنَّ العِزَّةَ لِلّهِ جَمِيعاً 

“Ular mo‘minlarni qo‘yib kofirlarni do‘st tutadilar. Ular o‘sha kofirlar oldidan kuch-qudrat izlaydilarmi?! (Ovora bo‘ladilar!) Zero, bor kuch-qudrat Allohnikidir” (Niso: 139).

Alloh taolo aytadi:

وَأَعِدُّواْ لَهُم مَّا اسْتَطَعْتُم مِّن قُوَّةٍ وَمِن رِّبَاطِ الْخَيْلِ تُرْهِبُونَ بِهِ عَدْوَّ اللّهِ وَعَدُوَّكُمْ وَآخَرِينَ مِن دُونِهِمْ لاَ تَعْلَمُونَهُمُ اللّهُ يَعْلَمُهُمْ

"(Ey mo‘minlar), ular uchun imkoningiz boricha kuch va egarlangan otlarni tayyorlab qo‘yingizki, bu bilan Allohning va o‘zlaringizning dushmanlaringizni hamda ulardan tashqari sizlar bilmaydigan — Alloh biladigan boshqa birovlarni ham qo‘rquvga solursizlar" (Anfol: 60).

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!