Murojaatnoma – taraqqiyot tayanchi

Murojaatnoma – taraqqiyot tayanchi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevning ushbu Murojaatnomasi koronavirus pandemiyasi tufayli vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy nuqtai nazaridan o‘ta murakkab bir davrda Vatanimiz taraqqiyotining kelgusi istiqbolini belgilaydigan nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatdir.

Butun umuminsoniyat tarixiga yo‘qotishlar yili sifatida kirgan 2020 yilda boshlangan katta sinovlarning adog‘i ko‘rinmayotgan bir sharoitda insonni e’zozlash, uning farovonligini oshirishga qaratilgan juda ko‘plab g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi.

Jahon iqtisodiyoti uchun – har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirilayotgan, bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 millionta ish o‘rni yo‘qotilgan bir paytda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida belgilanayotgan vazifalarga va uni bajarish uchun ajratilayotgan moliyaviy mablag‘larga yana bir bor e’tibor qarating: 2021 yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida byudjetdan 600 milliard so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha ravishda 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etiladi. 30 ta yangi maktabni qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi. 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlaydi. 2021 yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi. Millat, Vatan, Xalq kelajagi uchun bunday ulkan mablag‘larni bugungiday murakkab bir paytda  ajratilayotgani, insonparvarlikning hayotiy ifodasidir.

Davlatimiz rahbari barcha Murojaatnomalarida, ma’ruza va chiqishlarida adolatni qaror toptirish uchun sud organlari faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlashga asosiy vazifalardan biri sifatida ahamiyat qaratadi.

Darhaqiqat, ushbu Murojaatnomalarida ham inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishiga, buning uchun sud tizimini yanada takomillashtirish lozimligiga alohida to‘xtalib, bir qator yangi vazifalarni belgilab berdilar.

Xususan, yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtirilishi viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilandi. Sababi, sud amaliyotida jismoniy va yuridik shaxslarning sudga taalluqlilik bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda ba’zi bir muammolar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jumladan, bir xil mazmundagi ishlar bo‘yicha turlicha qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lib, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, qonunlarni bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat sudlarining amaldagi tarqoq tuzilmasi tufayli fuqarolar va tadbirkorlar sudma-sud sarson bo‘lib yurish holatlari bor. Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar mansabdor shaxsning noqonuniy qaroriga asos bo‘lgan hujjatlarni (bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma va h.k.) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabni sudlovga taalluqli emasligi sabab tugatayotgan bo‘lsa, ayrim ma’muriy sudlar tomonidan ushbu hujjatlar haqiqiy emas deb topilmoqda. Bunday turlicha yondashuvlar fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini pasayishiga va sud qarorlaridan haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Birgina 2019 yilning o‘zida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi sarsongarchiliklarga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirganlar.

Ta’kidlash kerakki, ayni paytda bu vazifa ijrosi ta’minlanib, viloyat va unga tenglashtirilgan jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlari negizida Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoyishi bilan barcha viloyat sudlariga yangi sud raislari tayinlandi.

Yangi tashkil etilgan umumyurisdiksiya sudlarining samarali faoliyati fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga bo‘lgan huquqini amalda ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga barham beradi.

Agar bu boradagi rivojlangan demokratik mamlakatlarning tajribasiga murojaat etadigan bo‘lsak, bugungi kunda Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Belarus va boshqa bir qator davlatlarda umumyurisdiksiya sudlari, ya’ni fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar yagona umumyurisdiksiya sudi sifatida samarali faoliyat yuritishini ko‘rishimiz mumkin. Demak, umumyurisdiksiya sudlari xalqaro amaliyotda ham yaxshi natija berib kelmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 29 dekabrda yo‘llangan Murojaatnomada belgilangan vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudya va sud tizimining nufuzini oshirish, sud organlari faoliyatini demokratlashtirish va takomillashtirishga mustahkam asos bo‘ladi.

 

Shuhrat BAKAYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!