Misrda o‘zbekistonlik olimning arab tilidagi kitobi nashr etildi

Misrda o‘zbekistonlik olimning arab tilidagi kitobi nashr etildi

10 iyul kuni Toshkent islom instituti tashabbusi bilan Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mirodil Haydarovning arab tilidagi “Shariat va O‘zbekiston kodeksida Oila huquqi: hanafiylik mazhabi asosida nikoh va taloq masalalari” nomli kitobining onlayn taqdimoti tashkil etildi, deya xabar bermoqda Toshkent islom instituti sayti.

ZOOM dasturi orqali o‘tkazilib, 80dan ortiq tadqiqotchilar, ustozlar, talabalar va qiziquvchilar ishtirok etgan tadbirni moderator sifatida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Kirish so‘zida Mirodil Haydarovning ilmiy-kasbiy faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, kitob muallifi Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mirodil Haydarovga so‘z berilib, “Shariat va O‘zbekiston kodeksida Oila huquqi: hanafiylik mazhabi asosida nikoh va taloq masalalari” nomli kitobi taqdimoti boshlandi.

Mirodil Haydarov kitobning ahamiyati to‘g‘risida gapirib, undagi nikoh va taloq masalalari hanafiylik mazhabidagi eng mu’tabar kitoblardan biri Burhoniddin Marg‘iloniyning “Al-Hidoya” asari va O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksidagi tegishli moddalarning qiyosiy tahlili arab tilida ilmiy asosda tadqiq etilganini ta’kidladi. Shuningdek, nikoh va taloqqa oid zamonaviy masalalarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvolaridan keng foydalanib, mavzuning hozirgi kunimizdagi ahamiyatini ochib berdi.

Ta’kidlash joizki, buyuk ajdodimiz Burhoniddin Marg‘iloniyning to‘qqiz asr avval (hijriy 573 yil, melodiy 1178 yil aprel oyida) ta’lif etgan “Al-Hidoya” asaridagi nikoh va taloqqa oid kitobi ilk bor Oila kodeksidagi moddalar bilan arab tiliga tarjima qilinib, qiyosiy tadqiq qilinishi diniy va huquqiy sohadagi yangiliklardan biri bo‘ldi.

Kitob tadqiqoti orqali Mirodil Haydarov o‘z asarida oilalardagi kelishmovchilik va ajrimlarning oldini olishda shariat va qonunning tutgan roli, nikoh va taloq masalasida o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaslik, oilada er va xotinning shar’iy va qonuniy huquqlari, oilaviy munosabatlarni tartibga solish kabi muammolarga alohida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, muallif hanafiy mazhabi qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksidagi Nikoh va nikohning tugatilishiga oid ba’zi moddalarga to‘ldirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

Taqdimotdan so‘ng, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammad Ayyubxon Homidov va professor Baxtiyor To‘rayev kitobning ahamiyati haqida gapirib, muallifning mehnatiga yuqori berib, zarur o‘rinlarda o‘z takliflarini berdilar.

Misr Arab Respublikasining “Maktabat Al-Azhariyya lit-turos” nashriyotida arab tilida chop etilgan ushbu kitob mutaxassislar tomonidan ham katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Jumladan, Shayx Muhammad Tavfiq Ramazon al-Butiy, Damashq universiteti professori doktor Badi’ Sayyid al-Lahham, Shayx Ismoil Bulbul hamda yurtimizdagi islomshunos olimlar e’tirofiga loyiq deb topildi.

 

O‘MI matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!